Apple korporatsiyasi iPhone’larning yangi modellarini namoyish etdi. iPhone 11 va iPhone 11 Pro’ning taqdimoti 10-sentabr, seshanba kuni Kaliforniyada bo‘lib o‘tdi.

iPhone 11 “qoshiga” frontal kamera va FaceID sensori o‘rnatilgan diagonali 6,1 dyuymga teng LCD-ekran bilan ta’minlanadi. Telefonda ikkita asosiy kamera bo‘lib, avvalgi modellardan farqli o‘laroq, uning qo‘shimcha kamerasida keng burchakli obyektivdan foydalanilgan.

iPhone 11 ga yangi A13 Bionic protsessori o‘rnatilgan. Apple vakillarining ta’kidlashicha, bu barcha telefonlar orasidagi eng tezkor protsessor va videotizimdir.

iPhone 11 Pro esa uchtalik asosiy kamera, diagonali ikki xil — 6,5 va 5,8 dyuymli OLED-ekran va A13 Bionic protsessori bilan ta’minlangan.

iPhone 11 smartfoni 699 dollardan sotuvga chiqariladi. Pro’ning narxi 999 dollardan boshlanadi, uning kattaroq versiyasi — Pro Max’ning eng arzoni esa 1099 dollarga baholangan.