O‘zbekiston Transport vazirligi tomonidan 6-sentabrdan e’tiboran “Farg‘ona—Andijon”, “Farg‘ona—Namangan” va “Farg‘ona—Beshariq” shaharlararo yo‘nalishlarida muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, mazkur yo‘nalishlarda aholiga xizmat ko‘rsatish maqsadida Uzautotrans Service korxonasining 14 ta Yutong rusumli zamonaviy avtobusi ajratilgan.
“Farg‘ona vodiysida shaharlararo yo‘nalishlarida tashkil etilgan muntazam avtobus qatnovlari yo‘lkira narxining arzonligi ayniqsa barchaga manzur bo‘ldi”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Jumladan, “Farg‘ona—Andijon” yo‘nalishida chipta narxi 11 ming so‘m, “Farg‘ona—Namangan” yo‘nalishida 14 ming so‘m, “Farg‘ona—Beshariq” yo‘nalishida esa 18 ming so‘m etib belgilandi.
Izoh (0)