O‘tgan asrning 60-yillarida Sobiq Ittifoq muhandis-konstruktorlari bukri “Zaporojes”ni afsonaviy Porsche 911’ning ajdodi hisoblanmish Porsche 356 sportkariga aylantirgan, deb yozadi Big Picture.
Markaziy ilmiy tadqiqotlar avtomobil instituti mutaxassislari “ZAZ-965” bazasida “Sport-900” nomini olgan avtomobil konseptini yaratgan.
Mazkur konseptning birinchi nusxasi 1963-yilda yig‘ilgan bo‘lib, “ZAZ-965A” shassisiga 1170 millimetrli shishaplastikli kuzov o‘rnatilgan. Uning dizaynida orqa motorli klassik kupening belgilari aniq ko‘rinib turgan.
“Sport-900”ning old va orqa o‘rindiqlari 2+2 shaklida bo‘lgan, ya’ni muhandislar uning orqa o‘rindiqlarini ham saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. Zamonaviy sportkarlarda uchratish mumkin bo‘lgan yoysimon markaziy konsol esa juda chiroyli ko‘rinishiga ega.
Shishaplastikli kuzovdan foydalanish avtomobil og‘irligini 500 kilogrammgacha qisqartirish imkonini bergan. Shu sababli standart 27 kuchli motor va 4 bosqichli uzatmalar qutisi bilan “Sport-900” osonlikcha tezligini soatiga 100 kilometrga chiqara olgan.
Biroq hukumat mazkur avtomobilni ommaviy ishlab chiqarishga ruxsat bermagan va shundan keyin u prototipligicha qolib ketgan.
Izoh (0)