O‘zbekiston milliy terma jamoasi 5-sentabr, payshanba kuni JCh–2022 2-saralash bosqichi 1-turi doirasida Falastin termasi maydoniga safar qilib, 2 ta to‘p farqi bilan raqibga imkoniyatni boy berdi.
O‘yindan keyingi matbuot anjumanida terma jamoa ustozi Ektor Kuper quyidagicha fikr bildirdi:
“O‘yinchilarim namoyish etgan o‘yindan aslo ko‘nglim to‘lmadi. Birinchi golni o‘tkazib yuborgunga qadar yomon o‘ynamayotgan edik. Lekin goldan keyin nima bo‘lganini rosti tushunmadim. Biz diqqat-e’tiborni va tartibni unutdik. Himoyada qator qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydik. Vaziyatni o‘nglash maqsadida maydonga yangi kuchlarni tushirdik. Ammo yakunda bu bizga naf keltirmadi.Shuni aytishim joizki, biz endigina saralash bahslarini boshladik. Oldinda o‘yinlar hali ko‘p. Bugungi uchrashuvdan to‘g‘ri xulosa qilgan holda, kelasi o‘yinlarda g‘alaba qozonishga urinamiz.
Saralashda endi bittagina o‘yin o‘tkazdik, xolos. Bitta o‘yindan keyin iste’fo haqida gapirish juda ham noo‘rin, deb hisoblayman.
Falastin terma jamoasini qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan tabriklayman. Raqib bugun yaxshi o‘ynadi. Keyingi bosqichga yo‘l olish uchun barchada imkoniyat mavjud.
Saralashni g‘alaba bilan boshlash juda muhim edi. Lekin afsuski unday bo‘lmadi. Yana bir bor ta’kidlayman, birgina mag‘lubiyatdan fojia yasash to‘g‘ri emas. Hali oldinda o‘yinlar ko‘p va qolgan o‘yinlarda maksimal ochkolarni to‘plashga harakat qilamiz”, – deydi Kuper.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)