Qashqadaryolik jurnalist Dilshod Nabiyev “Daryo”ga murojaat qilib, unga nisbatan 5 kishi bo‘lib kuch ishlatishganini, faoliyatiga to‘sqinlik qilib, ish qurollarini tortib olishganini, o‘ldirish bilan tahdid qilishganini aytmoqda.

Dilshod Nabiyev.

Foto: “Daryo”

Voqea tafsilotini o‘rgangan “Daryo” muxbirining yozishicha, jurnalist bundan avvalroq Qarshi shahridagi viloyat 1-son asab-ruhiy kasalliklar dispanseri bemorlari deya taxmin qilingan, ularning achinarli holatda davolanayotgani aks etgan videoni omma e’tiboriga havola qilgan. Shu boisdan ham shifoxona mas’ullariga jurnalistning kutilmagan mehmon bo‘lishi unchalik xush kelmagan.

Dilshod Nabiyevning ma’lumot berishicha, mazkur videoda viloyat 1-son asab-ruhiy kasalliklar dispanseri bemorlarining achinarli holati tasvirlangan bo‘lib, mazkur videoni jurnalistga shifoxona xodimlari yuborgan. Ommaga e’lon qilingan tasvirlardan ma’lum bo‘lishicha, shifoxonada bemorlar uchun mo‘ljallangan karovatlar yetishmaydi. Videoda bitta karovatda 2 nafar bemor yotgani aks etgan. Yanayam achinarlisi, bemorlar yotgan xonalar antisanitariya holatidaligi ma’lum bo‘ladi.

Video jurnalist tomonidan ommaga e’lon qilingach, shifoxona bosh shifokori G‘.Murodov ushbu chiqishni yolg‘on ma’lumot deya baholaydi.

Foto: Dilshod Nabiyev

— Dastlabki chiqishimizni yolg‘on ma’lumot deb rasmiy xat berishgach, haqiqatni isbotlashga urindik, — deydi Dilshod Nabiyev. – Boisi, biz bilan suhbatlashgan shifoxona xodimlari videodagi holat haqiqat ekanligini, agar shifoxonaga kelishsa bundan-da battariga guvoh bo‘lishimiz mumkinligini aytdi. Shuning uchun ham 27-avgust kuni tungi soat 23:00 da shifoxonaga borib, ma’lumot olishga urindim.

Suhbatdosh “Daryo” muxbirining “nima uchun yarim kechasi ma’lumot olishga bordingiz”, deya bergan savoliga ma’lumotni imkon qadar shifoxona rahbariyatiga sezdirmasdan olishga uringanini, rahbariyat sezsa, aniq ma’lumotni qo‘lga kiritolmasligidan cho‘chiganini va shuning uchun ham rahbariyat ketgach, kechasi borishga qaror qilganini bildirdi.

Jurnalistning ushbu harakati viloyat televideniyesi tomonidan tayyorlangan ko‘rsatuvda alohida tilga olinadi va ijtimoiy tarmoqlarda “o‘zini jurnalistman deb tanishtirib yurgan Dilshod Nabiyevning firibgarligi fosh bo‘ldi” deya jar solinadi. Ammo mazkur videoni tarqatgan insonlar tez orada uni o‘chiradi. Sababi noma’lum.

Dilshod Nabiyev haqida Facebook’da chop etilib, keyin o‘chirib yuborilgan postlar skrinshoti

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan viloyat televideniyesi jurnalistlari tomonidan tayyorlangan ko‘rsatuvda aytilishicha, Dilshod Nabiyev 27-avgust kuni 23:06 da shifoxona qubul bo‘limiga kirgan va o‘zini tanishtirib ma’lumot olishga kelganini aytgan. Shunda u bilan suhbatlashayotgan navbatchi shifokor (Dilshod Nabiyevning aytishicha, shifokor o‘zini tanishtirishni istamagan) jurnalist hujjatini ko‘zdan kechirgan. Suhbatdoshlar 2–3 daqiqa suhbatlashgan.

Kuzatuv kameralari suratga olgan tasvirlardan ko‘rinishicha, ayni shu joyiga kelganda xona chiroqlari shifokor tomonidan o‘chiriladi va kamera voqealar rivojini ilg‘amay qoladi. Kameralar ilg‘amagan voqealarni shifoxona ma’muriyati boshqacha talqin qilishga urinmoqda.

Ularning nazdida jurnalist kechki payt 23:06 da shifoxona qabul bo‘limiga kirib, baqir-chaqir qilgancha shifokorlarni haqoratlay boshlagan. Ichkariga kirishi lozimligini talab qilgan.

Dilshod Nabiyevga ko‘ra, u qabul bo‘limiga kirib, o‘zini tanishtirib muddaosini aytgach, navbatchi shifokor jurnalistni ichkariga kiritmasligini ta’kidlagan. Va kechki soat 22:00 dan keyin ichki tartib bo‘yicha bemorlarni bezovta qilish mumkin emasligini aytgan. Jurnalist buni tasdiqlovchi ichki buyruq yoki shunga o‘xshash biror bir asos ko‘rsatilishini so‘ragan.

Jurnalist kuzatuv kameralari ilg‘amagan voqealar haqida gapirar ekan, xona chirog‘i o‘chgach, hamshiradan chiqish eshigini so‘raganini va hovliga chiqqanini aytadi.

— Ichkariga kirishimga ruxsat berishmadi, kirishim mumkin emasligi haqida tayinli asos ham keltirishmadi, — deydi Dilshod Nabiyev. – Shuning uchun ham bosh shifokor bilan gaplashishni so‘radim. Ammo gaplashtirishmadi. Shuning uchun hamshiradan chiqish eshigini so‘radim. Kirib kelgan eshigim qulflangani bois, boshqa eshikdan shifoxona hovlisiga chiqdim. Shunda velosiped sudrab kelayotgan notanish kishi, “Sen kimsan bu yerda nima qilayapsan”, deb meni sudray boshladi. Jurnalist ekanligimni, o‘zimni navbatchi shifokorga tanishtirganimni aytsam-da, gapimga quloq solmadi. Qo‘limdan tutib, sudrashda davom etdi. Shifoxona hovlisini o‘rab turgan panjaraga yaqinlashganimizda ichki kiyimda turgan kishiga ko‘zim tushdi. Bemorlardan biri bo‘lsa kerak degan o‘yga bordim. Ammo u kishi ham qorovul ekan.

Dilshod Nabiyev shifokor va qorovullaridan iborat 5 nafar kishi uni qorovulxonaga majburlab qamab, o‘ldirib yuborish bilan qo‘rqitganini aytmoqda.

— Qorovulxonaga yaqinlashganimizda men bilan suhbatlashgan shifokor va hamshira ham yetib keldi va qorovullarga yordamlashib, meni qorovulxonaga majburlab qamashdi, — deydi jurnalist. – Qorovulxona ichkarisiga kirganimizda ichki kiyimda yurgan qorovul menga kuch ishlatib, fotoapparatimni tortib olishga urindi. Zo‘ravonlik qilib, o‘ldirib yuborishini aytdi. Besh kishi baravariga kameramga yopishgach, kameraga zarar yetmasin deb “fleshka”sini ularga berdim.

Dilshod Nabiyevning qo‘shimcha qilishicha, uni qorovulxonaga qamashayotgan payt bemorlardan ikki nafari yordam berish uchun ko‘chaga chiqqan, ammo ularni majburiy tartibda ichkariga olib kirib ketishgan. Jurnalist unga yordam bermoqchi bo‘lgan bemorlar uni shifoxonaga chaqirganlar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Boisi, ertasi kuni Dilshod Nabiyevga telefon qilishib, unga yordam berish uchun chiqishganini, ammo imkon berishmaganini bildirishgan.

Jurnalistni qorovulxonaga qamagan navbatchi shifokor bosh shifokorga qo‘ng‘iroq qilib, jurnalist yosh bola ekanligini, shovqin-suron qilib, barchaning, jumladan bemorlarning ham tinchini buzayotganini aytgan. Tayin gapki, bosh shifokor IIBga murojaat qilgan.

— Biroz o‘tib, 2 nafar IIB xodimi Milliy gvardiya xodimlari bilan birga kelishdi, — deydi Dilshod Nabiyev. – Voqeani so‘rab-surishtira boshlashdi. Shunda men bor voqeani aytmoqchi bo‘lib og‘iz juftlagandim, “Siz jim turing bularni eshitaylik”, deyishdi. Shifoxona navbatchi shifokori meni binoga bostirib kirish va shovqin-suron ko‘tarishda aybladi. IIB xodimlari barcha gapni eshitib bo‘lgach, men kameramning “fleshka”si va xizmat guvohnomamni olib qo‘yishganini aytib, IIB xodimlaridan olib berishlarini iltimos qildim. Guvohnomamni berishdi. Ammo kameram “fleshka”sini berishdan bosh tortishdi. Shunda IIB xodimlaridan kameram xotirasini olib berishlarini talab qila boshladim. IIB xodimlari esa meni bo‘ysunmaslikda ayblab, kuch bilan xizmat mashinasiga mindirib, bo‘limga olib ketishdi. Bo‘limda yarim soat ushlab turib, keyin qo‘yib yuborishdi.

Viloyat 1-son asab-ruhiy kasalliklar dispanseri rahbariyati Dilshod Nabiyevni asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasida tasvirga olish ishlarini olib borish qonun bilan taqiqlanganligini bilmaslikda ayblaydi. Va huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarga shikoyat qilishini bildiradi. Dilshod Nabiyev esa hech kim, hatto bu haqda maxsus ko‘rsatuv tayyorlagan televideniye jurnalistlari ham uni eshitmaganidan shikoyat qilmoqda.

— Bu haqda maxsus ko‘rsatuv qilishgan jurnalistlar nega mening gaplarimni ham eshitib ko‘rishmadi, — deydi Dilshod Nabiyev. – Mening ham o‘z haqiqatlarim, aytadigan gaplarim bor edi. Qolaversa viloyat televideniyesi ko‘rsatuvida shifoxona kuzatuv kameralari tasvirlaridan foydalanilgan. Tasvirlarni ko‘rgan bo‘lsangiz, u yerda mening nojo‘ya xatti-harakatim sezilmagan. Xo‘p, axborot olish uchun noto‘g‘ri vaqtni tanlabman. Shuni tushuntirishsa, kechki 22:00 dan keyin shifoxonaga kirish taqiqlanganini aytib, asos ko‘rsatishsa olam guliston ediyu. Qolaversa xona chirog‘ini o‘chirishgach, men ketishga chog‘langandim. Ularning o‘zi menga kuch ishlatdi. Ustiga-ustak meni zo‘ravonlikda ayblamoqda.

Dilshod Nabiyevning ma’lumot berishicha, ommaga tarqatilgan birinchi videodan so‘ng shifoxona rahbariyati bunday holat bizda yo‘q deb, 18 ta yangi karovat olib kelgan. Xonalarning ayrim joylarini ta’mirlab, binoyidek holatga keltirgan.

Ushbu voqeaga Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi mas’ullarining munosabatini kutib qolamiz.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev