Andijon shahrining “O‘zbegim” mahallasi, Buyuk Turon ko‘chasida qurib bitkazilgan 4 ta 7 qavatli uy-joydagi yangi xonadonlarga 252 ta oila ko‘chib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Ushbu binolar Otabek Madazimov rahbarlik qilayotgan “Xokon avtoinvest” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa muddat ichida bunyod etilgan.
Xonalar yorug‘, shinam, barcha qulayliklarga ega. Uylar alohida isitish tizimi va liftlar bilan jihozlangan. Ushbu xonadonlarda yashovchi aholi uchun maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda bolalar maydonchasi ham qurib bitkazilgan. Bundan tashqari hudud obodonlashtirilib, namunaviy ko‘rinishga keltirilgan.
Turar joylarni foydalanishga topshirish marosimida ishtirok etgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abdujabbor Egamberdiyev yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi. Joriy yil oxiriga qadar yakunlanishi kutilayotgan Andijon shahrining Navoiy, Cho‘lpon shoh ko‘chalari, Dukchi Eshon ko‘chasidagi eski uylar o‘rnida 7 va 12 qavatli 150 ta zamonaviy turar joylarni qurish ishlari olib borilayotganligini qayd etib, ayni vaqtda Andijon shahrining Musayev ko‘chasida vodiy viloyatlarida dastlabki 16 qavatli uylarni qurish ishlari boshlanganligini bildirdi.
Izoh (0)