Bu g‘alati g‘oya qayerdan chiqdi o‘zi? Axios portalida e’lon qilingan maqolaga ishonadigan bo‘lsak, quyun yopirilishi muammosini shunday usulda hal qilish haqidagi taklifni AQSh Prezidenti Donald Tramp bergan emish. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, u quyunlarni mamlakatning Atlantika sohillariga yetib kelishidan avvalroq, yadro bombasi tashlash orqali yo‘q qilish taklifini kiritgan.
Ta’kidlash joizki, bu g‘oya aslida 1960-yillardan beri mavjud bo‘lib, nazariyaga ko‘ra, quyun hosil qilgan uyurma o‘rtasiga yadro bombasi tashlansa, unda quyundan teparoqdagi havo qatlami qizishi natijasida, konveksion oqimlar izdan chiqib, quyun o‘z-o‘zidan to‘xtaydi degan fikr mavjud.
Biroq bu yanglish fikr va basharti shunday qilgan taqdirda ham, hech qanday natija bo‘lmaydi. Buning sababi esa quyun ega bo‘ladigan ulkan energiya miqdori bilan bog‘liq ekanligini AQSh okeanografiya va atmosfera tadqiqotlari Milliy institutida ishlagan, hozirda meteorolog bo‘lib faoliyat olib borayotgan olim Kris Lendsli ta’kidlagan.
Mohiyatan, quyun bu – butun mamlakat kattaligiga teng o‘lchamli juda kuchli dvigatel bo‘lib, okeandan issiqlikni ko‘tarib, atmosfera bo‘ylab yoyib chiqadi. Quyunning eng bosimi past qismi okean sathi bo‘ylab harakatlanganda, suv kuchli bug‘lanib, atmosferaga chiqqach kondensatsiyalanadi. Natijada uning issiqlik harorati atrofdagi havo muhitiga tarqaladi. Bundan hosil bo‘lgan energiyaning taxminan 1 foizi shamolga aylanadi, qolgani esa issiqlik ko‘rinishida qoladi.
Quyun istalgan vaqt momentida 50 teravatt quvvatga ega bo‘lishi mumkin. Bu degani, 10 megatonnalik yadro bombasidan har 20 daqiqada bittadan portlatib turish demakdir. Quyunni yadro bombasi orqali to‘xtatishga urinish, xuddi mashinani pat bilan to‘xtatishga urinish bilan teng. Boz ustiga, agar mabodo ish chappasiga ketadigan bo‘lsa, unda bomba tashlab, quyunni yanada shiddatliroq qilib qo‘yish mumkin.
Bomba tashlash orqali mayda quyunchalarni to‘xtatish mumkindir ehtimol. Lekin gap shundaki, quyunning qachon va qayerda paydo bo‘lishini hech kim oldindan ayta olmaydi, quyunlar juda ko‘p sodir bo‘ladi va ulardan qaysi biri vayronkor kuch bilan qirg‘oqqa yopirilishini ham bilib bo‘lmaydi.
Vanihoyat, quyunga atom bombasi tashlashning ijobiy va salbiy samarasi muhokamasidan ko‘ra, bu borada aniq aytsa bo‘ladigan yagona gap shuki, atom bombasini tashlash natijasida, o‘sha quyun radioaktiv quyunga aylanadi va bu oddiy quyundan ham yuz chandon yomonroqdir. Shunga ko‘ra, baribir, quyun oqibatlaridan himoyalanishning eng yaxshi usuli o‘sha-o‘sha eski usul - «oldindan tayyorgarlik ko‘rish» bo‘lib qolmoqda.
Izoh (0)