Guliston shahridagi muhtasham, me’moriy jihatdan o‘ziga xos madaniyat maskani — Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri binosi rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar beradi.
E’tirof etish lozimki, u ta’mirlash va jihozlashdan so‘ng mamlakatdagi tengi yo‘q san’at koshonalaridan biriga aylandi.
Teatrning katta zali 550 o‘rinli, ikkita kichigi esa 80 tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, ularda qo‘g‘irchoq spektakllar va boshqa turli tadbirlarni o‘tkazish mumkin.
“O‘rindiqlardan to sovutish-isitish tizimigacha — barcha jihozlarning zamonaviy va qulay bo‘lishiga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, sahna elementlarini yaratish ham teatr san’atining ayni paytdagi eng ilg‘or va so‘nggi namunalari asosida bo‘lishiga erishildi”, — deydi teatr direktori Ravshan Rajabov.
Tantanada Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofirjon Mirzayev so‘zga chiqib, Prezident tomonidan ilgari surilgan “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” g‘oyasini amalga oshirishda teatr san’ati alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Ayniqsa, unda O‘zbekistonning boy tarixi va mashhur ajdodlari haqidagi asarlar namoyishini ko‘paytirish yoshlarning vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatini yanada oshirishga xizmat qilishi aytildi. Ushbu o‘lmas san’at turining ana shu va boshqa ko‘plab jihatlarini e’tirof etgan holda ishtirokchilarga viloyatda har haftaning yakshanbasi “Teatr kuni” deb belgilanganini ma’lum qildi.
Yangi qiyofadagi teatr binosining ochilish tadbirida viloyat, tuman-shahar davlat idoralari va jamoat tashkilotlari, nuroniylar, yoshlar, mahalla ahli vakillari ishtirok etdi.
Tantana doirasida Chingiz Aytmatov asari asosida sirdaryolik rejissor N.G‘oyibnazarova sahnalashtirgan “Momo yer” spektakli namoyish etildi.
Izoh (0)