“Sharq taronalari” o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivali arafasida Samarqand shahrida O‘zbekiston xalq hofizi, mashhur bastakor va sozanda Hoji Abdulaziz Abdurasulov uy-muzeyi ochildi.

Foto: O‘zA

Hoji Abdulaziz Abdurasulov 1852—1936-yillarda Samarqandda yashab, ijod qilgan taniqli bastakor, o‘zbek maqom san’ati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan betakror ovoz sohibi bo‘lgan. U yaratgan “Guluzorim”, “Gullar bog‘i”, “Beboqcha” “Bozurgoniy”, “Samarqand ushshog‘i” kabi yuzlab qo‘shiqlar o‘zbek mumtoz musiqa merosining eng noyob asarlari qatoridan joy olgan.

Shashmaqomni o‘rganish va keng targ‘ib etishda Hoji Abdulaziz Abdurasulovning xizmatlari katta bo‘lgan. Samarqand maqom yo‘llari, soz chalish va ashula aytish bo‘yicha ko‘plab yoshlarga ustozlik qilgan, ularga o‘z san’atini o‘rgatgan. Jumladan, O‘zbekiston xalq artisti Yunus Rajabiy ham uning Samarqanddagi xonadonida yashab, hofizdan saboq olgan.

Foto: Samarqand viloyati hokimi

Ammo ana shu tabarruk xonadon, ko‘plab san’at darg‘alari qadami yetgan hovli yillar davomida e’tibordan chetda qoldi.

Foto: O‘zA

Joriy yil may oyida Samarqand viloyati hokimi va jamoatchilik vakillari Registon maydoni yaqinida Hoji Abdulaziz Abdurasulov tug‘ilib, o‘sgan, ijod qilgan uyga kelib, ushbu hovlini ijodkorning uy-muzeyiga aylantirishga qaror qilgan edi.

Foto: O‘zA

Shu paytgacha shaxsiy xonadon sifatida foydalanilayotgan uyni egasi (bu inson ham ulug‘ bastakorning yaqinlaridan biri)dan sotib olib, kapital ta’mirlash va “Sharq taronalari” festivali arafasida foydalanishga topshirish, bu yerga san’atkor tomonidan foydalanilgan ashyolar, musiqa asboblari, kitoblarni joylashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berilgandi.

Foto: Samarqand viloyati hokimi

Oradan uch oy o‘tdi. Bu yerda bir milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib, qisqa fursatda keng ko‘lamdagi qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Festival arafasida uy-muzeyning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.