Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi sohasida nodavlat umumta’lim muassasalarini yanada rag‘batlantirish maqsadida davlat subsidiyalarini ajratish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Nodavlat umumta’lim muassasalariga davlat tomonidan yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilayotganligi tufayli bitiruvchi o‘quvchilariga shahodatnoma va attestatlar berish huquqi hamda nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktab ochish bo‘yicha litsenziya berish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan Davlat xizmatlar markaziga berildi. Litsenziya olish jarayoni ikki barobar soddalashtirildi.
Hozirgi kunda respublikada 89 ta nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyat olib bormoqda. Bu ko‘rsatkich 2016-yilgiga nisbatan to‘rt barobar oshganligini ko‘rsatadi.
Ta’kidlash joizki, respublika hududlaridagi o‘quvchilar ta’lim xizmatlaridan foydalanishda keng tanlovga ega bo‘lishi, o‘z navbatida kelgusida davlat byudjeti mablag‘larining tejalishiga olib kelishini inobatga olgan holda xalq ta’limi sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish hamda tadbirkorlik subyektlarini yanada rag‘batlantirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish zaruriyati mavjud.
Ushbu qaror loyihasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan nodavlat umumta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan sarmoyadorlar hamda tadbirkorlik subyektlari tomonidan kelib tushgan ko‘plab murojaat, takliflar, shuningdek, xalq ta’limi sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarini yanada rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqildi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bir oy muddatda nodavlat umumta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlariga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga qo‘shimcha 4 foizdan yuqori bo‘lmagan tijorat banklarning marjasini inobatga olib, tashkil etiladigan va faoliyat yuritayotgan nodavlat umumta’lim muassasalarini jihozlashga alohida kredit liniyasini ishlab chiqish, uni joriy etish uchun barcha tashkiliy, huquqiy va texnik choralarni amalga oshirish taklif etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi tashkil etiladigan va faoliyat yuritayotgan nodavlat umumta’lim muassasalarini jihozlashga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan tijorat banklardan olinadigan kreditlar foiz stavkasining 50 foiziga teng miqdori qoplanishini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan subsidiyalar ajratish rejalashtirilmoqda.
Qaror loyihasi mazkur subsidiyalarni berish tartibini ham belgilab beradi.
Xalq ta’limi vazirligi mazkur qaror loyihasini yanada takomillashtirish uchun barchani muhokamalarda faol ishtirok etishini so‘raydi. Qonun loyihasining muhokamasi 2019-yilning 7-sentabriga qadar davom etadi.
Izoh (0)