“Afrosiyob” poyezdlari chiptalarini sotish bo‘yicha shaffof bo‘lmagan tizim mamlakat fuqarolari va sayyohlarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Nikita Makarenko tezyurar poyezdlar chiptalari taqchilligi atrofida yuzaga kelgan “xufiyona” mexanizmlar haqida hikoya qiladi.
Biz “Afrosiyob” poyezdlari har reys oldidan majburiy ko‘rikdan o‘tkaziladigan “Toshkent” vokzali angaridamiz. Poyezdning texnik holati haqida to‘rt ispan qayg‘uradi. Ularga Fransisko Xose Fera Sauz ismli katta usta boshliq. Provodniklar vagon salonlarini yo‘lovchilarni kutib olishga tayyorlamoqda.
Mana, poyezd tayyor va tez orada u perronga kirib keladi. O‘zbekiston bo‘ylab safarlarni yoqimli bir ko‘rinishga keltirgan ajoyib, tezyurar va qulay poyezd. Darhaqiqat, faxr-iftixor ramzi. Faqat bir achinarli muammo bo‘lmasa. Ushbu poyezdga chipta olish juda qiyin, ba’zida esa umuman imkonsiz.
O‘zbekiston aholisi va mehmonlari “Afrosiyob” poyezdlari chiptalari taqchilligidan, shuningdek, chipta sotuvining noqulay va shaffof bo‘lmagan tizimidan norozi.
Bloger Malik Karimov tomonidan 2018-yil avgustida “Afrosiyob” chiptalari taqsimoti tanqid qilib yozilgan post Facebook’da 414 marta repost qilindi, unga 320 ta izoh qoldirishgan. Men tomonimdan 2019-yil iyunida “O‘zbekiston temir yo‘llari”ni tanqid qilib yozilgan post mushtariylar tomonidan 725 marta “layk” qilingan. “Effekt Makarenko” Telegram kanalida o‘tkazilgan so‘rovnoma ham mushtariylarning mutlaq ko‘pchiligi (814 ga 29) “O‘TY” brendiga salbiy munosabatda ekanini ko‘rsatdi.
Ushbu maqola ikki oy davomida tayyorlandi. Men “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning rahbariyati va xodimlari, sayyohlik sohasi vakillari, yo‘lovchilardan ko‘plab intervyular oldim. O‘tgan vaqt davomida ko‘p narsa o‘zgardi. “O‘TY” Toshkentdagi kassalarda elektron navbatni yo‘lga qo‘ydi, yangi sayt ishga tushdi, e-ticket’ni kassada oddiy biletga almashtirish talabi bekor bo‘ldi. Biz ushbu yangiliklarni qadrlaymiz, biroq bu yetarli emas.
Men sizga hech bir jihati bilan ajralib turmaydigan oddiy bir chiptani sotib olish tarixini so‘zlab beraman. Uning yordami bilan biz ko‘plab muammolarni yuzaga olib chiqamiz. Keling, 28-avgust, chorshanba kuni “Afrosiyob”da Toshkentdan Buxoroga borishga qaror qilamiz. “Toshkent—Buxoro” yo‘nalishidagi bizga kerakli “Afrosiyob” poyezdning indeksi 762F va u har kuni soat 7:28 da yo‘lga chiqadi.
Bilet sotib olamiz
Dastlab o‘zi chipta bor-yo‘qligini “O‘TY” sayti orqali aniqlashga harakat qilib ko‘ramiz. Hozir elektron biletlar sotish bo‘yicha bir vaqtning o‘zida ikkita servis ishlab turibdi. Bular — eski, qiyshiq-qing‘ir, aqlbovar qilmas darajada “buzuq” Eticket.uzrailway.uz versiyasi va 2-avgust kuni ishga tushirilgan yangi Ye-ticket.aitm.uz.
Yangi sayt ko‘p kutilgan ikki funksiyani taqdim etishi kerak: biletlarni onlayn rejimda qaytarish va elektron chiptalarni kassada “almashtirish” zaruratidan qutqarish. Afsuski, ushbu funksiyalarni tekshirish imkoni bo‘lmadi. Saytda ro‘yxatdan o‘tib bo‘lmayapti: e-mail’ga tasdiqlovchi xat kelmayapti. Avvalroq Spot yangi sayt uzilishlar va xatoliklar bilan ishlayotgani haqida yozgandi. Saytning o‘zida esa u sinov tartibida ishlayotgani ma’lum qilingan.
Servisning har ikkala versiyasi 28-avgust kuni “Afrosiyob”ga biletlar yo‘qligini ko‘rsatmoqda. Vokzalning ma’lumotxonasi — 1005 raqamiga qo‘ng‘iroq qilamiz. Ular ham chiptalar “allaqachon tugagani”ni tasdiqlashdi, biroq lekin hali yana sotuvda paydo bo‘lib qolishi mumkinligini aytishdi.
Shahardagi ikki vokzal kassalariga borib ko‘ramiz. Butun boshli megapolis uchun “O‘TY”da atigi beshta kassa borligi juda ham hayratga soladigan fakt. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”dan ma’lum qilishlaricha, Talabalar shaharchasi, “Bek Baraka” bozori va “Toshkent” vokzali qarshisidagi “Makro” savdo markazida yana uchta kassa bor.
Janubiy vokzal, 19-avgust, soat 16:10. Qo‘limda F055 raqamli elektron navbat chiptasi. Navbatim kelishini sabr bilan kutyapman. Lekin hech narsa bo‘lmayapti. Kassa oldida to‘polon. “Elektron navbat ishlayaptimi?”, deb so‘rayman axborot burchagidan. “Ha, ishlayapti”. Shunga qaramay, eshikdan kirib kelgan yangi odamlar hech qanday chiptacha olmay, kassa oldiga turib olyapti.
Bo‘sh turgan oynaga yaqinlashaman. “Assalomu alaykum, sizda elektron navbat ishlayaptimi?”, deb so‘rayman kassirdan. “Ishlayapti. Lekin umuman olganda farqi yo‘q. Shunday ham bo‘laveradi”. Yaxshi, unda men ham “shunday”. Menga kerakli poyezdga biletlar yo‘q, biroq kassirning ta’kidlashicha, “uch yo besh kun qolganda bo‘lib qolishi mumkin”.
Shimoliy vokzal, 19-avgust, soat 16:39. Bu yerda hammasi jiddiy — odamlar chiptachalarni olib, qat’iy elektron navbat bo‘yicha turibdi. Bu katta o‘sish, vaholanki iyun oyida ham turtilib yurishga to‘g‘ri kelayotgandi. Qo‘limda F708 raqamli kvitansiyacha. Va men navbatda… 46-(qirq oltinchi)man. Buncha uzoq kutib tura olmayman. Axborot burchagidan o‘z biletimni so‘rayman. Bo‘sh joy yo‘q.
Umuman olganda, vokzal kassalaridagi vaziyat ancha madaniylashgan. Biroq ular odamlarning katta oqimiga bardosh bera olmayotgani ochiq ko‘rinib turibdi. Yana hozirgisidan ikki, uch barobar ko‘proq kassirlar kerak. Muammoni hal qilishi mumkin bo‘lgan xususiy kassalarda tizimga yaqinlashish imkoni yo‘q. “O‘TY” ularni yaqinlashtirmoqchi ham emas.
“Ishonch bilan shuni aytish mumkinki, xususiy kassalar — bugungi kunda ortda qolgan bosqich. Rivojlangan mamlakatlarning aksariyat temiryo‘l ma’muriyatlari yo‘lovchi biletlarini realizatsiya qilishda ‘inson omili’ning har qanday aralashuvini istisno etuvchi qog‘ozsiz tizimlarga o‘tib bo‘lgan”, — dedi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ bosh direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Hojiakbarov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” rahbariyatining fikricha, biletlar sotishga mo‘ljallangan yangi sayt aholi va mehmonlarning xususiy kassalarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi kerak. Shunday bo‘lsa-da, internetdan foydalanishni barcha fuqarolarimiz ham bilmaydi, servislarning o‘zi ham barqaror ishlayotganicha yo‘q. Yakunda baribir navbatda turishga to‘g‘ri kelyapti. Elektron bo‘lsa-da.
Yo‘llar va yechimlar
Yumronqoziqni ko‘ryapsanmi?
Yo‘q.
Men ham ko‘rmayapman. Lekin u bor.
(“DMB”)
Bilguvchilarning aytishicha va ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, kassada ham, saytda ham yo‘q biletni baribir sotib olish mumkin.
“Tunda qaytarilgan biletlar sotuvga chiqariladi. Lekin ertalab ‘Afrosiyob’da ketaman deb yarim kechasi bilet kutib o‘tirish ham zararli, ham noqulay. Baxtimga, allaqachon hamma bilan tanishman va bilet muammosini Payme, Telegram orqali hal qilaman. Mana shunaqa, afsuski’, — deb yozadi Facebook foydalanuvchisi mening ”O‘TY‘ga bag‘ishlangan 15-iyundagi postim ostida.
Maqolani tayyorlash jarayonida to‘plangan axborot asosida men bilet ”topish”ga yordam berishi mumkin bo‘lgan ikki usulni aniqladim:
1) biletni sayyohlik firmasidan sotib olish;
2) “O‘TY”dan siz uchun “bron”ni yechib bera oladigan tanishni topish.
Mushtariylarning yozishicha, yana bir ajabtovur usul bor. Biletni vokzal kassalari oldidagi qandaydir “hojatbarorlar”dan xarid qilish mumkin. “Kassa oldidagi «hojatbaror» orqali ustama haq bilan istalgan vaqt istalgan poyezdga bilet olish mumkin”, — deb yozgan foydalanuvchilardan biri 15-iyun kuni. “Vokzal oldida past ovozda: ‘Afrosiyob, biletlar’, deb e’lon qilib yurgan erkaklarni men ham ko‘rganman’, — deb qo‘shimcha qilgan boshqasi.
Men 19-avgust kuni soat 16:00 va 17:00 oralig‘ida har ikki vokzalda bu erkaklarni topishga harakat qildim. “Hojatbaror”larni topolmadim. Faqat oldimdan shtativ ko‘tarib, o‘z ishi bilan yugurib o‘tgan temiryo‘l matbuot xizmati xodimlariga duch keldim. Ehtimol, chayqovchilik frontining mazkur sirli jangchilari kunning boshqa vaqtida ishlar? Yoki vokzaloldi hududlaridan ularning dumini butunlay tugishgan.
Turfirmalar
Men bilan suhbatlashgan yo‘lovchilar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi kommentatorlarning ta’kidlashicha, sotuvda ”yo‘q” biletni sayyohlik firmalarining birortasidan topish mumkin. Amalda sayyohlik firmalar hozir xususiy kassalar vazifasini bajaryapti. Men hech qanday farqni ko‘rmayapman. Bu yerda temiryo‘l chiptalarini emin-erkin sotishyapti. Shunday ekan, qonuniy xususiy kassalarning bulardan nimasi kam?
Men bir necha turistik firmaga qo‘ng‘iroq qilib chiqdim. AvrudTravel’dagilar bilet sotib olish mumkinligini, lekin aynan hozir kerakli biletlar yo‘qligini aytishdi. “ ‘Sharq taronalari’ sabab joy bo‘lish-bo‘lmasligiga umuman kafolat yo‘q. Faqat besh kun avval ko‘rilsa, joylar ‘chiqib qolishi’ mumkin. Lekin bu ham aniq emas, chunki shu kunlari tadbir rosa avjiga chiqqan vaqt bo‘ladi”, — dedi menga operator. U mening telefon raqamimni yozib olib, “ushbu masalani nazoratiga olishga” va 23-avgust kuni qayta qo‘ng‘iroq qilishga va’da berdi.
HRG kompaniyasiga qo‘ng‘iroq qilganda “temiryo‘l biletlarini bron qilish bo‘limi” bilan bog‘lanish uchun tegishli raqamni terishni so‘raydigan robot ovozini eshitish mumkin. Ya’ni bu yerda bunday xizmatlar tizimli ravishda ko‘rsatiladi. Umuman olganda, operator meni xursand qila olgani yo‘q. Men so‘ragan kunlarga biletlar yo‘q va ularni olish «imkoni ham yo‘q».
Advantour kompaniyasida esa biletlarni faqat tur-paket bilan birga sotib olish mumkinligini aytishdi. Kompaniya saytining inglizcha versiyasida “O‘TY” poyezdlariga biletlar sotib olish mumkin. Ayni vaqtda kompaniya insof bilan ogohlantiryapti: chiptalarni “O‘TY” sayti orqali sotib olish arzonroqqa tushadi.
Xuddi shunday xizmatni chet ellik sayyohlar uchun OrexCA kompaniyasi ham ko‘rsatmoqda. Qizig‘i, saytda shunday yozilgan: “Kompaniya biletlarni alohida sotish huquqiga ega emas, biroq ularni “ ‘paket’ning bir qismi sifatida sotib olish mumkin”. “Paket”dan chipta, yetkazib berish, xarita, yo‘lboshlagich va safar davomida turoperatorning ko‘magi o‘rin olgan.
Internetda “O‘TY” chiptalarini chet elliklarga sotishga ixtisoslashgan boshq saytlarni ham topish mumkin. Masalan, mana bu saytda “Toshkent—Samarqand” yo‘nalishidagi “Afrosiyob” poyezdi bileti 33 dollar turibdi.
Turfirmalar nafaqat xususiy kassalar vazifasini bajaryapti, vaqti kelsa sotuvda yo‘q chiptalarni “topib bera oladi”. Ushbu ma’lumotni sohadagi manbalar tasdiqladi.
“Resurs taqchil bo‘lsa-yu, shu resurs taqsimoti ustida odamlar o‘tirgan bo‘lsa, ularda pul ishlab qolishdek katta vasvasa uyg‘onadi. Turfirmada har doim bilet bormi, demak, uning 35 ming so‘m ustama yetkazib beradigan kassiri bor. Bizda bilet sotganlik uchun komissiya miqdori 25 ming so‘m. Biroq biletni ‘o‘zimizning kassir’ orqali sotib olsa, komissiya miqdori 60 ming so‘mga aylanadi”, — dedi O‘zbekistondagi eng yirik turistik firmalardan birining xodimi ismini oshkor etmaslik sharti bilan.
Turfirmadagi mening manbam orziqib kutayotganim Buxoro chiptasini sotib olishda yordam bera olmadi, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, “25-avgustdan 5-sentabrga qadar ‘Sharq taronalari’ festivali sabab’ ”, “Afrosiyob”ga chipta sotish yopilgan.
Biroq hayotimdan bir marta men shunday mexanizmdan foydalanganman. 2018-yil fevralida, “Gazeta.uz” Toshkent va Samarqandga taniqli urbanist Arkadiy Gershmanni olib kelganida, 4-fevral kuni men Samarqanddan uyga yetib olishim kerak edi. Biletlar na saytda va na kassada bor. Shunga qaramay, Samarqanddagi turfirmalardan biri qo‘shimcha “komissiya” evaziga menga kerakli biletni osongina topib bergandi.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” vijdonsiz kassirlarga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lum qildi: “Temiryo‘l kassalarida oldindan ta’lim va tayyorgarlik ko‘rgan kassirlar ishlaydi. Barcha kassirlar tanlov asosida, komissiya xulosasiga asosan kollej va institutlarda tahsil olgan mutaxassislar orasida saralab olinadi. Shuningdek, har bir kassaga videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Biletlarni sotish jarayonida noqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun muntazam monitoring olib boriladi, kassirlar rotatsiyasi amalga oshiriladi, bu esa texnologik jarayonni buzib bilet sotish holatlarini cheklaydi”.
“O‘TY”dagi tanishlar
Biletlarni turfirmalardan tashqari, aftidan, “O‘TY”dagi tanishlar orqali ham olsa bo‘ladi. Men “O‘TY”a ishlaydigan bir necha xodim bilan bog‘landim. Ular “qo‘ng‘iroq orqali” bilet olish mumkinligini aytishdi. “O‘TY” xodimlaridan biri, jurnalistlar bilan muloqot qilgani uchun ishdan haydab yuborishlaridan xavotirlanib, ismini oshkor etmaslik sharti bilan ushbu mexanizm haqida so‘zlab berdi.
“Har bir poyezdda bronning har xil turi bor. Harbiy bron, deputat broni. Undan faqat belgilangan miqdordagi odamlar foydalanishi mumkin. Ushbu bronlarning bari poyezd yo‘lga chiqishiga 2 soat qolganida yechiladi va erkin sotuvga chiqariladi. Lekin ‘so‘rab ko‘rilsa’, shu bronni kerakli odamga ham berishadi. Bu odamga maxsus kod aytiladi, u taxminan: ‘75683’ deganga o‘xshash ko‘rinishda bo‘ladi. Kassada shu kodni aytsangiz, kerakli biletni sizga sotishadi”, — dedi “O‘TY” xodimi.
“Boshqa varianti ham bor — provodnik bilan tanish bo‘lsangiz, agar bo‘sh joy bo‘lsa, sizni poyezdga o‘tqazib qo‘yadi. Bu ommalashgan amaliyot. Biz, ‘O‘TY’ xodimlari, o‘zimizga bilet yetmasligidan ko‘p aziyat chekamiz. Tizimning shaffof ishlashidan biz ham manfaatdormiz”, — deya qayd etdi u.
Menda o‘z manbamdan 28-avgustdagi “Toshkent—Buxoro” poyezdiga bilet topib berishni so‘rash imkoni bor edi. Ammo bu holda uning shaxsi oshkor bo‘lib qolishi mumkin edi. Shunga qaramay, u menga bilet topib bera olgan bo‘lardi, deb ishonaman.
“Tanishlarga qo‘ng‘iroq qilish” orqali kassadan bilet olish mumkinligini ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan qoldirilgan ko‘plab kommentlar ham tasdiqlaydi. Iqtibos: “Biletlar sotuvining birinchi kunidayoq bizga biletlar yo‘q deb aytishdi. Tanishim temiryo‘lda ishlaydi. Telefon qildim. Bilet ham topila qoldi”. Boshqa kommentator: “Biz ‘qo‘ng‘iroq’ bo‘yicha kelganimiz uchungina kassir menga ‘zo‘rg‘a’ bilet topib berdi”.
Muammo shundaki, idora va amaldorlar uchun bronlash tizimi umuman shaffof emas. U aqlga kelishi mumkin bo‘lgan har turli manipulyatsiya va “xufyona” mexanizmlarni amalga oshirishga imkoniyat beradi.
“Idoraviy muassasalar va tashkilotlar uchun poyezddan joy ajratish taqdim etilgan yozma arizalar asosida amalga oshiriladi, har bir poyezdga har xil, joy normasiga qarab. Shuningdek, har bir tashkilotda o‘z ishchilari uchun joy ajratish uchun oldindan yozma arizalarni taqdim etish bilan shug‘ullanuvchi mas’ul shaxslar ham mavjud”, — deya izohladi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”.
Ko‘rinib turibdiki, idoralar va amaldorlar uchun bron qilish tizimi umuman shaffof emas. Ko‘plab odamlar oddiy yo‘lovchilardan ko‘ra ustuvorroq mavqega ega. Bu esa har turli manipulyatsiyalar va «xufyona» mexanizmlar uchun imkon qoldiradi.
Bo‘sh poyezdlar
Ko‘plab yo‘lovchilar chiptalar juda taqchil bo‘lgan bir sharoitda “Afrosiyob” poyezdlari ko‘pincha bo‘m-bo‘sh yurishidan shikoyat qiladi. Ushbu vaziyat Facebook’dagi mana bu postda batafsil yozilgan. Men bunga biletlarni guruh bo‘lib bronlashni suiiste’mol qilish sababchi ekani haqidagi taxminni ko‘p eshitganman. Guruhli bronlash huquqi turistik kompaniyalarga berilgan.
“Afrosiyob” poyezdlarining bo‘shligini izohlovchi yo‘lovchilar orasida mashhur taxmin quyidagicha: “Sayyohlik kompaniyasi biletlarni bron qilib, oxirigacha o‘zida saqlab o‘tiradi, agar sotolmasa, poyezd yo‘lga chiqishidan ikki soat avval ular erkin savdoga chiqariladi. Odamlar bu biletlarni sotib olishga ulgurmaydi va poyezd chala-yarim to‘lganicha yo‘lga chiqadi”.
“O‘TY” kassasi devoriga yopishtirilgan qog‘ozdan ko‘rinib turibdiki, o‘n va undan ortiq kishi uchun guruhli bron qilish mumkin. U oddiy chipta xarididan farq qiladi. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” shunday amaliyot borligini tasdiqladi.
“Sayyohlik kompaniyalari tomonidan joylarning oldindan bron qilib qo‘yilishi mahalliy aholi tomonidan bilet sotib olish imkoniyatining yo‘qqa chiqarilishiga sabab bo‘ladi”, — deydi Dilshod Hojiakbarov. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” bosh direktori o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, yo‘lovchilarni yo‘l hujjatlarini sotib olish bo‘yicha teng imkoniyatlar bilan ta’minlash maqsadida har bir “Afrosiyob” poyezdida joylarning 1/3 qismi guruhli bron uchun ajratiladi.
O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ushbu jarayonga hech qanday aloqasi yo‘qligini “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi: ‘O‘zbekiston temir yo‘llari’ sayyohlik firmalariga sotiladigan chiptalar sonini mustaqil ravishda o‘zi belgilaydi”.
Mana endi eng qiziqarli savol. Ushbu biletlar qaytarilganidan so‘ng qancha vaqt o‘tib tizimda paydo bo‘ladi? Axir u yuqorida bayon qilingan turfirmalar va kassirlar o‘rtasidagi yaqin “hamkorlik” hisobga olinsa, manipulyatsiyalar uchun keng maydon qoldiradi. Nazariy jihatdan turfirma sayyoh uchun bron qilingan biletni qaytarib, uni shu zahoti boshqa odam uchun xarid qilishi mumkin.
“Guruhli tashuvchi avvaldan bron qilingan joylardan voz kechganidan so‘ng, ushbu joylar poyezd qatnoviga besh sutka qolganida erkin savdoga avtomatik ravishda chiqadi. Agar yo‘lovchi poyezd jo‘nashidan bir sutka bilet sotib olib, oradan bir necha soat o‘tib safar qilish fikridan qaytsa va biletni qaytarish uchun topshirsa, tasodifiy raqamlar generatori Random algoritmi bo‘yicha tizim qayta ishlagach, ushbu joy poyezd jo‘nashiga kamida ikki soat qolganida sotuvga chiqariladi”, — dedi Dilshodjon Hojiakbarov.
“O‘TY” Rossiyaning 2005-yilda ishlab chiqilgan “Ekspress-3” avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi (ABT)dan foydalanadi. “Rossiya temir yo‘llari”ning VKontakte’dagi rasmiy guruhi administratori Sergey Popovning ta’kidlashicha, qaytarilgan bilet oradan 2—3 soat o‘tib tizimda paydo bo‘ladi, “kun davomida paydo bo‘lishi esa aniq”. Umuman olganda, u “buni oldindan taxmin qilish qiyin”ligini ham aytdi.
O‘tgan yili Qozog‘istonning “Nur.kz” portali Qozog‘iston temir yo‘llaridagi biletlar bilan bog‘liq chayqovchilik sxemasi tizimning mana shunday shaffof bo‘lmagan jarayoni ustiga qurilgani haqida yozib chiqqandi. Qozog‘istonda ham “Ekspress-3” ABTdan foydalaniladi.
“Ular (olibsotarlar) oldindan soxta yo‘lovchilar uchun biletlar sotib oladi yoki hatto guruhli biletlarni xarid qiladi… So‘ng oldindan sotib olingan biletlarning qaytarilishi amalga oshiriladi va ular haqiqiy yo‘lovchiga rasmiylashtiriladi. Buning uchun ikkita kassaning kelishib ishlashi kifoya: birinchi kassir biletning qaytarilishini amalga oshiradi, ikkinchisi esa bo‘sh qolgan joyni ‘ushlab oladi’ ”, — deb yozgandi “Nur.kz”.
Ko‘rinishidan, O‘zbekistondagi tizim Qozog‘iston yoki Rossiyadagidan biroz farqli ishlaydi. Lekin u nazariy jihatdan sayyohlik firmalari va vijdonsiz kassirlar foydalanishi mumkin bo‘lgan manipulyatsiyalardan yetarli darajada himoyalanganmi?
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”dagilarning fikricha, poyezdning ayrim vagonlaridagi bo‘sh joylar guruhli bronlarning bekor qilinishi oqibatida emas, balki boshqa sabablarga ko‘ra paydo bo‘ladi. Bu sabablardan biri — yo‘lovchilarning safarga chiqmasligi. “O‘TY” ma’lumotlariga ko‘ra, har bir reysga taxminan 5—10 nafar shunday odam to‘g‘ri keladi. Ikkinchi sabab esa baribir “Ekspress-3” ABT faoliyatidagi o‘ziga xoslik bilan bog‘liq.
«Buni “Toshkent-Buxoro” yo‘nalishidagi “Afrosiyob” poyezdi misolida ko‘rib chiqamiz. Bo‘sh o‘rinlar bilan bog‘liq holat ko‘pincha Toshkentdan ketayotganda uchraydi. “Ekspress-3” tizimida so‘rov dasturi shunday tuzilganki, agar bo‘sh joy (masalan, 3-vagondagi 21-joy) Jizzaxdan Navoiygacha bo‘lgan bo‘lak uchun sotilgan bo‘lsa, u holda Toshkentdan Buxoroga ketishda bo‘sh joy qidirib so‘rov berganingizda, tizim sizga bu joyni ko‘rsatmaydi. Biroq so‘rovni ‘Toshkent—Jizzax’ yo ‘Navoiy—Buxoro’ deb o‘zgartirsangiz, joy sotuvga chiqib keladi”, — dedi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” vakillari.
Murakkabmi? Murakkab. Soddaroq bo‘lishini xohlaymizmi? Xohlaymiz. Toki “Afrosiyob”ning barcha biletlari saytda yoki kassada shaffof ko‘rsatilsin va qaysi bilet kim tomonidan bron qilingan-u, qay biri allaqachon yo‘lovchi tomonidan sotib olingani ko‘rinib tursin.
Sayyohlarni qanchalik yaxshi ko‘rmaylik, ularni o‘z fuqarolarimizdan ustun qo‘yib bo‘lmaydi. Biletlar barcha uchun teng sharoitlarda, guruhli bronlarsiz sotilishi kerak. Ayniqsa, mamlakatimizga turfirmalar xizmatlaridan foydalanmaydigan sayyohlar borgan sari ko‘proq kelayotgan bir vaqtda.
Alvido, Buxoro!
Darvoqe, men Buxoro biletisiz qoldim. “O‘TY”dagi tanishlardan foydalanishni istamadim, “hal qiladigan”larni topolmadim, turfirmalar esa yordam berolmadi. Vaholanki, men bu ertaknamo shaharni u yerdagi hamma narsani to‘liq zamonaviylashtirib “rekonstruksiya qilib tashlagunlaricha” borib ko‘rishni juda ham qattiq xohlagandim. Ark qarshisidagi mashhur Buxoro “to‘nka-daraxtlari”ni tomosha qilish imkoni yo‘q endi. Eh!
Ehtimol, boshqa sanaga harakat qilib ko‘rish kerakdir? Hozirdan tekshirish mumkin bo‘lgan eng so‘nggi muddat — 2-oktabrga faqat 31 ta joy qolgan (19-avgust kuni tekshirilgan). Deyarli hech vaqo qolmagan. Nima qilish kerak? Balki reyslar sonini oshirish kerakdir?
Hozirda “Afrosiyob” Toshkentdan Samarqandga kuniga to‘rt marta qatnaydi, faqat tongda. “Talgo” poyezdlari o‘z vatani — Ispaniyada Madrid va Barselona orasida kuniga 18 (o‘n sakkiz) marta qatnaydi. Birinchi reys 5:50 da yo‘lga chiqsa, oxirgisi 21:25 da qatnovni amalga oshiradi. Poyezd taxminan uch soatcha yo‘l bosadi. Nega bizda bunday qilib bo‘lmayapti?
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”dan ma’lum qilishlaricha, ‘Toshkent—Samarqand’ uchastkasida harakat jadvali to‘liq band. “Hozirgi vaqtda ushbu uchastkada har kuni har ikki yo‘nalish bo‘yicha 18 juft poyezd qatnaydi”, — dedi mutaxassislar. U yerda boshqa hech narsaga, hatto eng abgor elektrichkani tiqishtirishga ham joy yo‘q.
Vaziyatni faqat yangi, alohida temiryo‘l liniyasi qutqarishi mumkin. Ushbu ulkan loyiha yaqin kelajakda ro‘yobga chiqarilishini xohlaysan kishi. U turizm rivojiga, xususan, mahalliy turizm taraqqiyotiga kuchli turtki berishi mumkin. Tasavvur qiling, Samarqandga xuddi Madriddan Barselonaga bo‘lgani kabi kun davomida 18 ta poyezdning istalganida yetib olish mumkin bo‘ladi. Ana go‘zallik!
Axir poyezdga muqobil vositalar unchalik ham ko‘p emas. Samolyot chiptalari poyezdnikidan ham tezroq sotilib ketadi. Avtomobil yo‘li ideal emas va xavfsiz ham emas. Taksichi bilan ketish tavakkalchilik, avtobus esa sekin yuradi. Poyezd raqobatdan xoli.
Yangi yo‘l hali loyihada bo‘lmagan bir vaqtda “O‘TY” mavjud harakatlanuvchi tarkiblarni yangilash va yangi “Afrosiyob”larni sotib olish bilan band. Hozir O‘zbekistonda ikkita sakkiz vagonlik va ikkita 10 vagonlik “ispan” bor. 2020-yilgacha yana ikkita 10 ta vagonli poyezd sotib olinadi va sakkiz vagonli poyezdlarga ikkitadan vagon qo‘shiladi.
Shuningdek, kompaniya harakatlanuvchi tarkiblarni yangilash maqsadida mahalliy yo‘lovchi vagonlar ishlab chiqarish sur’atini ham yiliga 50 donagacha oshirmoqda. Vagonlarni “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash” AJ bazasida ishlab chiqarishmoqda. Hozirda “O‘TY” ixtiyorida 700 ta yo‘lovchi vagon bor. Ular reja bo‘yicha ta’mirlanib, modernizatsiya qilinadi, shuningdek, konditsioner tizimi takomillashtiriladi.
Biz “O‘zbekiston temir yo‘llari” va hukumatning yuqori tezlikdagi temiryo‘l transportini rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qadrlaymiz. Mana, CNBC’da 7 may kuni “Nima uchun AQShda yuqori tezlikdagi temiryo‘llar yo‘q?” sarlavhasi bilan chiqarilgan ajoyib syujet (ingliz tilida).
Ehtimol, bu siz uchun yangilik bo‘lishi mumkin, biroq Qo‘shma Shtatlarda bittagina, uzunligi 457 kilometr bo‘lgan shartli yuqori tezlikdagi temiryo‘l yo‘lagi bor. Unda sostavlarning o‘rtacha tezligi 104 km/soat va shuning ham faqat 55 kilometrlik kichik bir bo‘lagida tezlikni soatiga 241 km/soatgacha oshirish mumkin.
Bizda esa deyarli barcha yirik turistik markazlarimiz tezkor temiryo‘l orqali bir-biri bilan bog‘langan. Poyezdlar chindan ham a’lo darajada. Bu poyezdlar O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar uchun avval tasavvurda ham bo‘lmagan qulayliklarni yaratdi. Faxrlansa arzigulik jihatlar bor.
Lekin bir iltimos. Bizga shu poyezdlarga chiqish uchun ruxsat bering. Biletlarni shaffof va adolatli sotadigan tizimni yo‘lga qo‘ying. Shunday bo‘lsinki, sun’iy taqchillik, guruh bo‘lib bron qilishlar, “olifta” bronlar va “shapka”larga o‘rin qolmasin. Xuddi aviatsiyadagi kabi navbatlari yo‘q xususiy kassalari bilan birga bo‘lsin.
Aks holda, bu poyezdlar xalq uchun chinakam harakat vositasiga aylanmay, sayyohlar va VIP-shaxslarga mo‘ljallangan ajib bir attraksionligicha qolaveradi.
Nikita Makarenko
Izoh (0)