22-avgust, payshanba kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston — buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat mavzusidagi meros haftaligi”ga start berildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduholiqov, UNESCO’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari v.b. Fuad Pashayev, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va targ‘ib etish bo‘yicha Butunjahon jamiyati Ilmiy kengashi a’zosi Frederik Starr, Fanlar Akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev hamda akademik Edvard Rtveladzelar so‘zga chiqdi.
Haftalikni O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi: “Bugun O‘zbekiston ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida yangilanish davrini boshdan kechirmoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning butun dunyoga ochilishi uchun barcha sharoitlarni yaratmoqda. Jahon ham, o‘z o‘rnida, O‘zbekistonga yuz tutmoqda. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston xorijliklarda nafaqat o‘zining jahon e’tirof etayotgan turistik salohiyati, balki biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlari hamda boy madaniy merosi bilan ham qiziqish uyg‘otmoqda. Boshlanayotgan Madaniy meros haftaligimiz bizning hamkorlikdagi mehnatimiz samarasi bo‘ladi. Unda davlat tashkilotlari va diplomatik korpus vakillari bilan bir qatorda xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan ilmiy tashkilotlar va xalqaro fondlar vakillari ham ishtirok etmoqda. Fursatdan foydalanib, 26-avgust kuni Samarqanddagi madaniy merosni asrash va rivojlantirish muammolariga bag‘ishlangan konferensiyada ishtirok etayotgan bosh kotib Odri Ozule xonim boshchiligida UNESCO tashkilotiga minnatdorchilik bildiraman. Shuni alohida qayd etishni istardimki, O‘zbekiston UNESCO bilan mamlakat kesimidagi dasturni yuritayotgan yagona mamlakat hisoblanadi”.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduholiqovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda madaniy merosni saqlash va ommalashtirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. “O‘zbekistondagi islohotlar samarasi o‘laroq yaratilayotgan sharoitlar, shuningdek, davlat va jamoatchilik tashkilotlari hamda ijtimoiy biznes vakillarining bir g‘oyada birlashishi bu kabi dunyoda yagona loyihani amalga oshirish imkonini beradi. Bu nafaqat olimlar uchun ilmiy material bo‘lib xizmat qiladi, balki yosh avlod uchun o‘ziga xos ma’naviy oziqa hamdir”, — deydi u.
Shu bilan birga, akademik Edvard Rtveladze dunyoning yetakchi institutlari, universitetlari, ilmiy markazlari hamda fanlar akademiyalari bilan ilmiy hamkorlikni rivojlantirish kerakligiga e’tibor qaratdi. Ilf-fan va olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib, hukumatning qator hujjatlarida o‘z aksini topgani, milliy madaniy merosni saqlash masalasi esa davlat rahbarining diqqat markazida ekani qayd etildi. “Aynan shu e’tibor va tegishli sharoitlarning yaratilishi — loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishning garovidir”, — xulosa qildi u.
Xuddi shu kuni O‘zbekistonning jahon kolleksiyalarida saqlanayotgan hamda O‘zbekiston muzeylaridagi madaniy merosga bag‘ishlangan 20 ta yangi albom-kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ularning bari jahonning nufuzli olimlari, tadqiqotchilari, taniqli muzeylar vakillari hamda noyob kolleksiyalar egalari tomonidan o‘tkazildi. Bu albomlarning o‘ziga xosligi ularda eng yangi texnologiyalarning qo‘llanganligida — kitoblar to‘ldirilgan reallik effektiga ega bo‘lib, ular O‘zbekistondagi birinchi shunday kitoblar hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekistonning madaniy merosiga bag‘ishlangan hujjatli filmlar taqdimoti ham yig‘ilganlarni befarq qoldirmadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida o‘tkazilgan “Kushonlar xazinasi” hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida noyob qadimiy qo‘lyozmalarga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
Kun davomida o‘tkazilgan barcha tadbirlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi, ularning bari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda Prezident boshchiligida olib borilayotgan islohotlar amalda yaqqol samara berayotganini ta’kidladi.
Izoh (0)