O‘zbekistonda shu yilning noyabridan boshlab 9 yoshli qizlar odam papilloma virusi (OPV)ga qarshi emlanadi. Bu bachadon bo‘yni saratonining oldini olish borasida sinalgan va samarali usullardan biridir.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, bu haqda Toshkentda “Bachadon bo‘yni saratonisiz kelajak” shiori ostida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda aytib o‘tildi. Tadbir SSV va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan tashkil etilgan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 1660 nafar ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda.
Buning oldini olish bo‘yicha O‘zbekistonda 2017-yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan milliy reja tasdiqlangan. U o‘z ichiga bachadon bo‘yni saratonini davolash, palliativ yordam ko‘rsatish bilan birga, OPVga qarshi emlash, bachadon bo‘yni saratonini skrining qilish kabi birlamchi profilaktik tadbirlarni qamrab oladi.
Milliy emlash kalendariga ko‘ra, O‘zbekistonda bolalar davlat byudjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infeksiyalarga qarshi emlanadi. Endilikda OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi esa yana bir og‘ir kasallik — bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi.
Ta’kidlanishicha, 9 yoshli o‘smir qizlarni rejali emlash shu yilning noyabr oyidan boshlanadi. Buning natijasida kelajakda har yili 1 100 ta kasallanish va bachadon bo‘yni xastaligi bo‘yicha 600 ga yaqin o‘lim holatlarining kamayishiga erishiladi.
Izoh (0)