“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” loyihasi doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Jek Londonning “Martin Iden” romani haqida hikoya qiladi.
Fleshbek
Ushbu kitobni ilk bora maktab davrlarida o‘qib chiqqanman. Bu roman men eng ko‘p qayta o‘qigan asarlar o‘nligiga kirsa ham ajablanmmayman. Chunki u xarakterimni shakllantirgan, shaxsiy “men”imni topishda yordam bergan asarlardan biridir. Hamisha qiynalgan paytlarimda, birorta ish qo‘limdan kelmaydi deb yengilish arafasida beixtiyor kitobni o‘qishni boshlab, o‘zim va Martin Idenni solishtirardim hamda shu ahvolim unikidan ming chandon yengil ekaniga amin bo‘lib, olg‘a siljishga o‘zimda kuch topa olardim.
Keyingi hayotimda ham, hech narsa qila olmasligim sababli tushkunlikka tushib qolsam, shunchaki kitobni qo‘limga olaman-da, qayta o‘qiyman. Boshidan boshlab. U yangi kuch bilan harakat qilish uchun turtki beradi. Martinning tirishqoqligi va mehnat qobiliyati – eng yaxshi motivatsiya. Ixtiyoriy ravishda o‘zingizni qahramon bilan bog‘laysiz. U muvaffaqiyatga erishdi – men ham erishaman.
O‘ylaymanki, har bir muallif va albatta kitobi sotila boshlagan har bir yozuvchi “Martin Iden”ni o‘qishi kerak. U shaxsan menga qattiq zarba bergan. Chunki yozadigan va nashr etmoqchi bo‘lgan odamning barcha xavotirlari uning sahifalarida shunchalik zich joylashganki, shafqatsiz reallik nafas olishingizni qiyinlashtirib yuboradi. Jek London aql kosamizni donishmandlik suvi bilan to‘ldirib turadi.
Roman haqida
“Martin Iden” romani buyuk yozuvchi Jek Londonning qalamiga mansub bo‘lib, birinchi marta 1908–1909-yillarda The Pacific Monthly jurnalida chop etilgan, 1909-yilda esa Macmillan Company nashriyotida alohida kitob sifatida nashr etilgan.
Roman asosan avtobiografikdir: Martin Iden va Jek Londonning o‘xshash jihatlari juda ko‘p. Ikkalasi ham jamiyatning quyi tabaqasidan chiqqan va faqat o‘z kuchi bilan adabiyotda ulkan yutuqlarga erishgan. London yoshligida o‘zini juda ko‘p ishlarda sinab ko‘rgan; u dengizchi, zavod ishchisi, kir yuvish shirkati ishchisi sifatidagi tajribasiga tayangan holda mohirona asarlar yozdi. Ruf obrazi esa Jek Londonning birinchi muhabbati Meybl Epplgartdan olingan.
Syujet
Kunlardan bir kuni paromda 20 yoshlarda bo‘lgan dengizchi Martin Iden Artur Morz ismli yigitni bezorilar to‘dasidan himoya qiladi. U Martin bilan bir yoshda, ammo badavlat va o‘qimishli odamlardan. Minnatdorlik belgisi sifatida Artur Martinni oilasi bilan tanishtirish uchun kechki ovqatga taklif etadi. Uy atmosferasi – devorlarga chizilgan rasmlar, kitoblar, royal Martinni zavqlantiradi, hayratga soladi. Arturning singlisi Ruf unda alohida taassurot qoldiradi. Uning nazarida u poklik, go‘zallik va hatto ilohiylik timsoli edi. Martin qizga munosib bo‘lishga qaror qiladi. U Ruf, Artur va shularga o‘xshash o‘qimishli odamlar safiga qo‘shilish uchun kutubxonaga boradi.
Martin iqtidorli va chuqur tabiatli inson edi. U adabiyotni, tilni o‘rganishga g‘ayrat bilan kirishadi. U Ruf bilan tez-tez aloqada bo‘lib turadi, qiz esa o‘qishida unga yordam beradi. Ruf – konservativ va juda tor qarashlarga ega qiz – Martinni ham atrofidagi odamlar qolipiga solishga harakat qiladi, ammo muvaffaqiyatga erisha olmaydi.
So‘nggi dengiz safarida olgan barcha pulini sarflab, Martin dengizchilikka yollanadi va dengizga yo‘l oladi. Sakkiz oylik uzoq suzish davomida Martin o‘qib-o‘rganib, so‘z boyligini va aqliy salohiyatini boyitadi hamda o‘zini yaxshiroq anglay boshlaydi. U o‘zida juda katta kuch his etadi va to‘satdan yozuvchi bo‘lishni xohlayotganini anglaydi. Shunda Ruf u bilan birga dunyoning go‘zalligini anglashi mumkin.
Oklendga qaytib, xazina qidiruvchilar haqida hikoya yozadi va qo‘lyozmani “San-Fransisko sharhlari” gazetasiga yuboradi. Keyin kit ovlovchilari haqidagi hikoyani yozishni boshlaydi. Ruf bilan uchrashib, rejalarini u bilan baham ko‘radi, lekin, afsuski, qizga (Martin bilan sodir bo‘layotgan o‘zgarishlardan mamnun bo‘lsa-da) uning rejalari yoqmaydi.
Ruf Martinni sevib qolgan, lekin uning hayot haqidagi g‘oyalari qizga buni tushunish imkoniyatini bermaydi. Ruf Martin o‘qishini xohlaydi, natijada yigit o‘rta maktabga imtihon topshiradi, ammo grammatikadan tashqari barcha fanlar bo‘yicha muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.
Martin muvaffaqiyatsizligidan unchalik tushkun emas, lekin Ruf xafa bo‘ladi. Martin jurnal va gazetalarga yuborgan asarlarining hech biri chop etilmagan, hammasi pochta orqali hech qanday izohsiz qaytarilgan edi. Martin o‘ylaydiki, ular qo‘l bilan yozilgani uchun qabul qilinmagan. U yozuv mashinkasini ijaraga oladi va unda yozishni o‘rganadi. Martin tinmay ishlaydi. U o‘zida o‘ylagan narsalarini yoza olish qobiliyatini topadi. Uning orzulari va uzoq yillar davomida yashab kelgan go‘zallik haqidagi barcha fikrlari qaytarib bo‘lmas, qudratli va jo‘shqin oqimni keltirib chiqaradi.
Martin o‘zi uchun Gerbert Spenserning kitoblarini kashf etadi va bu unga dunyoga yangicha nazar tashlash imkoniyatini beradi. Rufga esa uning Spenserga bo‘lgan ishtiyoqi yoqmaydi. Martin hikoyalarini unga o‘qib beradi; Ruf ularning kamchiliklarini osongina payqaydi, lekin ular yozilgan kuch va iste’dodni ko‘ra olmaydi. Martin Rufga tanish burjua madaniyati doirasiga mos kelmaydi. Suzishda ishlab topgan puli tugaydi va Martin kir yuvish shirkatiga kiyimlarni dazmollash uchun yollanadi. Uni bu qiyin ish charchatadi. U kitob o‘qishni to‘xtatadi va ilgarilari bo‘lgani kabi dam olish kunlari spirtli ichimlik icha boshlaydi. Bu ish nafaqat mashaqqatli, balki ahmoqona ekanini anglab, kir yuvish shirkatini tark etadi.
Navbatdagi dengiz safariga bir necha hafta qolgandi; Martin bu kunlarni sevgisiga bag‘ishlaydi. U Ruf bilan tez-tez uchrashadi, ular birga kitob o‘qiydi, velosiped haydaydi. Bir kuni Ruf Martinning quchog‘ida bo‘ladi... Ruf sevgining jismoniy tomoni haqida hech narsa bilmaydi, lekin Martinning jozibadorligini his etadi. Martin qizning pokligini buzishdan qo‘rqadi. Ammo Rufning ota-onasi uchun u Martin bilan unashtirilgani haqidagi xabar quvonchli emas edi.
Martin pul uchun yozishga qaror qiladi. U portugaliyalik Mariya Silvaning uyidan kichkina xona ijaraga oladi. Kuchli sog‘ligi unga kuniga besh soatgina uxlashga imkon berardi. Qolgan vaqt davomida u ishlaydi: notanish so‘zlarni yozadi, o‘rganadi, turli yozuvchilarning adabiy usullarini tahlil qiladi, “hodisaga asoslangan tamoyillar”ni izlaydi. U hali birorta satr chop etmaganidan hijolat tortmaydi. “Yozish u uchun murakkab aqliy jarayonning yakuniy bo‘g‘ini, shaxsiy fikrlarni birlashtirish, to‘plangan faktlar va pozitsiyalarni to‘plash bilan bog‘liq bo‘lgan oxirgi tugun edi”.
Ammo muvaffaqiyatsizlik davom etardi. Martinning puli tugab, palto, keyin soat, keyin velosipedini garovga qo‘yadi. U faqatgina kartoshka yeb, ochlik bilan kurashar va vaqti-vaqti bilan singlisi yoki Ruf bilan birga ovqatlanardi. To‘satdan – deyarli kutilmaganda – Martin qalin jurnaldan xat oladi. Jurnal uning qo‘lyozmasini nashr etmoqchi, ammo besh dollargina to‘lashga tayyor, garchi, hisob-kitoblarga ko‘ra, aslida 100 dollar pul to‘lashlari kerak bo‘lsa-da.
Zaiflashgan Martin qattiq gripp bilan kasallanadi. Keyin uning omadi chopa boshlaydi – jurnallardan birma-bir cheklar kelishni boshlaydi.
Birmuncha vaqt o‘tgach, muvaffaqiyat to‘xtaydi. Noshirlar Martinni laqillatishga urinadi. Ulardan nashr uchun pul olish oson emas edi. Ruf Martinni otasining qo‘lida ishlashga chaqiradi, u yozuvchi bo‘lishiga ishonmaydi. Tasodifan Morzlar xonadonida Martin Ress Brissenden bilan tanishib qoladi. Brissenden kasal, u o‘limdan qo‘rqmaydi, lekin hayotni uning barcha ko‘rinishlarida ehtiros bilan sevadi. Brissenden Martinni adabiyot va falsafa bilan shug‘ullanadigan “haqiqiy odamlar” bilan tanishtiradi. Yangi o‘rtog‘i bilan Martin sotsialistlar mitingida qatnashadi, u yerda spiker bilan bahslashadi, lekin tezkor va vijdonsiz muxbir tufayli gazetalar sahifalariga sotsialist va mavjud tizimni o‘zgartirmoqchi bo‘layotgan shaxs sifatida kirib qoladi. Gazeta nashri ayanchli oqibatlarga olib keladi – Ruf Martinga unashtiruv bekor qilingani to‘g‘risida xat yuboradi.
Martin yashashda davom etmoqda va u hatto jurnallardan olingan daromaddan ham mamnun emas –yozgan deyarli barcha narsalari endi nashr etilayotgan edi. Brissenden o‘z joniga qasd qiladi. Uning o‘limidan so‘ng Martin tomonidan nashr etilgan “Efemerida” deb nomlangan she’riy doston qattiq tanqidlarga sabab bo‘ladi. Martin do‘sti buni ko‘rmaganidan xursand bo‘ladi.
Martin Iden nihoyat mashhurlikka erishadi, ammo bularning barchasi endi unga qiziq emas edi. Martin uni bir paytlar masxara qilgan, uni bekorchi deb bilgan odamlardan taklifnomalar oladi, ba’zan esa ularni qabul qiladi. Markiz orollariga bosh olib ketish va u yerda qamishli kulbada yashash g‘oyasi unga tasalli beradi. U o‘z yaqinlariga va taqdiri u bilan bog‘langan odamlarga saxiylik bilan pul tarqatadi. Endi unga na yosh ishchi Lizzi Konollining samimiy sevgisi va na endi mish-mishlarga beparvo munosabatda bo‘lib, Martin bilan qolishga tayyor bo‘lgan Rufning kutilmagan tashrifi ta’sir qila oladi. Martin orolga suzib ketadi. U uchun endi hech qanday yo‘l yo‘qligini tushunadi. Bir necha kun suzgandan so‘ng o‘zini dengizga tashlaydi. Yashash irodasini aldash uchun o‘pkasiga to‘ldirib havo yutadi va katta chuqurlikka sho‘ng‘iydi. Havo tugagach, endi sirtga ko‘tarila olmaydi. U yorqin, oq nurni ko‘radi va qorong‘u tubga uchayotganini his qiladi, shunda ongi uni abadiy tark etadi...
Tahlil
“Martin Iden” – bu haddan tashqari hayotiy kitob, insoniyat nodonligidan tortib go‘zallik cho‘qqisigacha bo‘lgan katarsis sayohati. Bu safarning transport vositasi – kitobdagi so‘zlar.
Butun kitob – rivojlanish, o‘qib-o‘rganish, qiyinchiliklarni yengish uchun kurashlar yig‘indisi. Bu Jek Londonning yozuvchilik yo‘li tasvirlangan, barcha sahifalarida hayot va haqiqiylik aks etgan roman. Uning barcha asarlarida bo‘lgani kabi, ushbu romanda ham yozuvchi avtobiografiyasining qaysi qismini ishlatganini aniqlash qiyin. Asarning tafsilotlariga yopishmasak, biz unda aynan Jek Londonning kurashchanligi, odamiyligi va individualligini uchratishimiz mumkin.
Martin Iden – badavlat advokat o‘g‘lini tajovuzdan qutqargan 21 yoshli yigit. Bu unga o‘z shahrining burjua jamiyati eshiklarini ochadi. U yerda Ruf ismli yosh universitet talabasi, hayotni faqat kitoblar orqaligina biladigan qiz bilan tanishadi. Uni ko‘rgandan so‘ng Martin Iden o‘zi uchun ikki narsani hal qilib oladi: qizning muhabbatiga erishish va buni madaniyat orqali amalga oshirish. U janubiy dengizlar bo‘ylab ko‘p sayohatlardan kelgan oddiy dengizchi, lekin Rufga va u yashaydigan olamga sehrlanib qolganini his qiladi.
Martin temir irodasi bilan o‘zini o‘zi o‘qitishni kutubxonadan olgan kitoblari orqali boshlaydi. “Martin Iden” tarbiyaviy romanning ajoyib namunasidir. Biz u bilan uning har bir rivojlanish bosqichi va yutuqlari, quvonchlari, kitoblar orqali hurmatga sazovor bo‘lish uchun qanday qadamlar qo‘yayotgani bilan yashaymiz.
Martin Idenning o‘zi kitoblar hayotni yoritadi, uni yanada yoqimli va qiziqarli qiladi deb o‘ylaydimi? Yo‘q. Martin har doim tikka gapirishni yaxshi ko‘radigan qo‘pol dengizchi bo‘lib qoladi. Ammo madaniyat uni Rufga yaqinlashtiradi va bu uning maqsadi edi. Biroq yangi nuqtai nazar uning yo‘lini kesib o‘tadi: u sevgan adabiyotni o‘zi ham yozishi mumkinligini aniqlaydi. Uyqudan vaqt o‘g‘irlab, kuniga o‘n to‘qqiz soat tinimsiz mehnat qilib, baxtsiz hayot kechirib, o‘zini deyarli qashshoqlashtirib, birinchi hikoyalarini yozadi va mamlakatning eng yaxshi jurnallariga yuboradi. Biror muharrirning e’tiborini jalb qila olmasdan, ish stolida rad etilgan asl nusxalarni to‘plasa ham, umidsizlikka tushmaydi. U asarlarini nashr etishda muvaffaqiyatga erishsa, Ruf ham uni sevib qolishini o‘ylaydi.
Ammo men uning xatti-harakatlarida madaniyatning idillik tushunchasi mavjudligiga ishonmayman. U uchun nashr qilmaslik, hatto yozmaslik ham muhim emas; asosiysi pul ishlash. Boy bo‘lmasangiz, hech kim emassiz. Jek London ham uning qahramoni singari amerikalik edi, bu uning pragmatik ekanini anglatadi. Bu jamiyat uchun pul baxt keltiradi, aniqrog‘i, bu baxt keltiradigan yagona narsa. Roman yozuv mashinkasi oldida o‘tirgan va buyuk noshirlarning shafqatsiz kuchi bilan kurashishga urinayotgan kichkina odam haqida. Bu pragmatik jamiyatda siz dunyodagi eng yaxshi yozuvchi bo‘lishingiz mumkin, lekin agar siz nashr qilinmasangiz va kitoblaringiz sotilmasa, siz hech kim emassiz, siz hatto yozuvchi ham emassiz.
Martinga o‘zidan boshqa hech kim ishonmaydi. Boshqalar u hayotda o‘rnini topishiga, qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga ishonmaydi. Martin Iden kambag‘al oiladan bo‘lgan yolg‘iz, kuchli, savodsiz, ammo mehribon, o‘jar va maqsadli odam bo‘lib, u hayot yo‘lida ko‘p narsalarni ko‘rgan va his qilgan. U og‘ir va iflos ishlardan qo‘rqmaydi.
Kitob yarmida kecha-yu kunduz o‘qish uchun shuncha kuch va sabr-toqatni qayerdan olayotganini Martindan so‘ragim keladi. Istagan narsamni olish uchun hech kimga quloq solmay olg‘a siljishim kerakmi?!
Sevgi. Bu uning qalbida inqilob yaratib, uni bilimga jalb etgan tuyg‘u edi. Sevgi to‘pori dengizchini kitoblarga qiziqtirdi va oqibatda uni buyuk yozuvchi qildi. U Rufni juda sevadi, unga yoqqisi keladi... Uni uyqu, ovqat va kiyim tashvishlantirmaydi. Rufga yoqish uchun u o‘sadi, odam bo‘ladi. Aqli idrokidan ustun bo‘lgan aqlli odam, u ilgari o‘zi daho deb bilganlarni ham ortda qoldirib ketadi. Uning hamma narsasi: puli, obro‘yi, mashhurligi va kuchli aqli bor edi. Lekin u baxtni pulga sotib ola olmagan baxtsiz inson edi...
Xulosa
Ushbu roman ayniqsa nashriyot olamida mavqe egallash uchun uylarida jimgina ishlayotgan yoshlar uchun juda mos keladi. Bu kitobda ular uchun bir postulat bor: ko‘p ishlasangiz, istaganingizni olasiz. Bu hayajonli, ulug‘vor, romanga aylantirilgan Amerika mentalitetidir.
Jek London o‘z davrining buyuk mutafakkirlari, ayniqsa Gerbert Spenser va Nitsshe g‘oyalarining kuchli ta’sirida ostida bo‘lgan odam edi. Romanda hayot uchun kurashda eng munosib odamning omon qolishi olqishlangan. Martin juda o‘ziga ishongan yigit, uni sarguzashtlari dono va qobiliyatli qildi.
Martin Iden – bu hayot, iroda, intizom va o‘zini hurmat qilish haqidagi asar. Yutqazganlar adabiyotning asosiy qahramonlari bo‘lgan asrda, Martin Iden unutilmas istisnoga aylandi, xuddi Jek Londonda bo‘lgani kabi: u million dollar ishlab topganidan so‘ng mashhur va obro‘li bo‘lib qoldi. Tanqidchilar va jamoatchilik ularning imtiyozli mavqeidan mamnun emasdi.
Qirq yoshida morfinning ortiqcha dozasi tufayli Jek London Kaliforniyadagi ranchosida vafot etdi. San-Fransisko bandargohlarida ishchi bo‘lgan Jek London va so‘z yordamida shon-sharaf qidirgan dengizchi Martin Iden o‘zlarining ajoyib faoliyatiga o‘zlari nuqta qo‘ydi. Qizig‘i shundaki, Martin Iden asarida Jek London go‘yo o‘z fojiasini bashorat qilgandek. Uning o‘zi aytganidek, u uxlab yotgan doimiy sayyora bo‘lishdan ko‘ra yorqin va tez uchib o‘tgan meteorit bo‘lishni afzal ko‘rgan edi...
Iqtiboslar
Cheklangan fikrlilargina cheklanganlikni faqat boshqalarda ko‘rishadi;
Agar menga biror narsa yoqmasa, demak, menga u shunchaki yoqmaydi. Nima uchun men ko‘pchilikka yoqadigan yoki ular buni yoqadi deb o‘ylagani uchungina menga shu narsa yoqadiganday ko‘rsatishim kerak o‘zimni? Men bu narsa hozir urf bo‘lgani uchungina sevishim yoki seva olmasligim mumkin emas;
Sizni o‘qiyotgan yoki tinglayotgan kishi ushbu so‘zlardagi his-tuyg‘ularni siz kabi his qilishi uchun, hissiyotlarni qog‘ozga yozib yoki aytib yetkazish qanday qiyin vazifa;
Agar kimdir yuqori lavozimlarni egallab, chiroyli uylarda yashasa, ma’lumot va bank hisobiga ega bo‘lsa, demak, bu odam shunga munosib odam deb o‘ylagan paytlarim qanchalik ahmoq bo‘lgan ekanman;
Notanish o‘yinni o‘ynashda hech qachon birinchi bo‘lib yurmang.
- Yozuvchining haqiqiy ismi – Jon Griffit Cheyni;
- Jekning onasi unga homilador bo‘lib, umidsizlikka tushib o‘zini otishga uringan, chunki uning fuqaroviy eri abort talab qilgan;
- Jek London nafaqat kattalar uchun, balki bolalar uchun ham asarlar yozgan. Uning eng mashhur bolalar kitoblaridan biri “Shimol hikoyalari” to‘plamidir;
- Jek London adabiy faoliyat orqali million dollar ishlab topgan birinchi yozuvchi ekaniga ishoniladi.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Mavzuga doir:
“Kitobni yoqishdan ham kattaroq jinoyat bor”. “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” asari haqidaYolg‘izlik – ichimizda. “Yolg‘izlikning yuz yili” romani haqida
“Mafiya o‘lmasdir”. “Cho‘qintirgan ota” romani haqida
Real fojiaga asoslangan shedevr. “Amerika fojiasi” haqida
Jinoyat huquqi haqida o‘ylar. “Jinoyat va jazo” romani haqida
Izoh (0)