Armanistonning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi
14-avgust, chorshanba kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Armanistonning yangi tayinlangan elchisi (qarorgohi Yerevan shahrida) Aram Grigoryanni qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.
Ishonch yorliqlarini olar ekan, vazir elchini O‘zbekistondagi missiyasi boshlangani bilan tabrikladi va unga muvaffaqiyat tiladi.
Muloqot chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama munosabatlar holati va ularni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston—Armaniston aloqalarni jadallashtirish, jumladan, o‘zaro tovar va xizmatlar ayirboshlashni kengaytirish hamda turli darajalardagi aloqalarni faollashtirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.
Aloqalarning shartnomaviy-huquqiy asosini takomillashtirish ustida birgalikda ishlash dolzarbligi qayd etildi.
Uchrashuvda umumiy kun tartibining boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi.
