Avval xabar berganimizdek, 12-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Selektorda so‘zga chiqqan Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev bu yil paxta yaxshi bo‘layotgani, uni yetishtirish uchun barcha sharoitlar yaratilayotganini aytdi.

“Bu yil paxtada suvdan ham, o‘g‘itdan ham muammo bo‘lmadi. Zararkunandalardan tozalash uchun ham 14 milliard so‘m oldi”, — dedi Qashqadaryo viloyat hokimi.

Prezident Ro‘ziyevning paxta haqidagi gaplaridan so‘ng barcha hokimlarga bu yil paxta terimiga budjet tashkilotlari jalb qilinmasligini eslatib o‘tdi.

“Bu yil paxta terimiga maktab, institut — umuman, birorta budjet tashkilotlari olib chiqilmaydi, eslaringdan chiqmasin”, — deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.