9-avgust kuni soat 04:55 daqiqa o‘tganda Toshkent viloyati FVB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi kuch va vositalarni boshqarish va muvofiqlashtirish markaziga murojaat kelib tushgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Murojaatda Bekobod shahri O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan “Bekobod dehqon bozori” MChJ hududidagi savdo do‘konlarida yong‘in bo‘layotganligi aytilgan.
Ko‘rsatilgan manzilga soat 04:56 daqiqa o‘tganda Toshkent viloyati garnizonidan jami 4 ta yong‘in o‘chirish avtoekipaji yo‘naltirilgan.
Birinchi yong‘in o‘chirish bo‘linmalari voqea joyiga soat 05:00 daqiqa o‘tganda yetib borgan vaqtida savdo do‘konlari ochiq alanga bilan yonayotganligi aniqlangan. Yong‘in o‘chirish bo‘linmalari tomonidan ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 05:07 daqiqa o‘tganda qurshab olinib, soat 05:25 daqiqa o‘tganda to‘liq bartaraf etilgan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.
Yong‘in oqibatida “Bekobod dehqon bozori” MChJ hududidagi oziq-ovqat pavilyonidagi 22 ta savdo do‘konidan 6 tasining shifti, tom qismi hamda ichki jihozlari jami 60 kvadrat metr maydonda yonib zararlangan. Yong‘indan 768 kvadrat metr maydonda 16 ta savdo do‘koni saqlab qolingan. Yong‘inning sababi do‘konlarning elektr tizimida yuzaga kelgan avariya holatidan, deb taxmin qilinmoqda. Moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Izoh (0)