Internet tarmog‘ida Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari xodimlari dam olish kunlari ham ishlayotgani, bu esa “Ichki ishlar organlari haqida”gi qonun tartiblari, xususan, dam olish huquqining buzilishi ekanligi haqidagi fikrlar bildirildi.
Mutasaddilarning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, dam olish kunlari navbatchiliklar tashkil etish haqidagi qaror fuqarolarning pasport-viza tartibiga doir masalalarini tezkorlik bilan hal etishga intilish bilan bog‘liq. Joriy yil 1-yanvaridan bo‘limlarda O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish pasportlarini rasmiylashtirish jarayoni boshlangan. Mazkur hujjatni olish yuzasidan murojaatlar ko‘p bo‘lib, bu o‘z navbatida tizim zo‘riqish bilan ishlashi va ko‘plab navbatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu muammolarni hal etish, fuqarolar uchun qulay sharoit yaratish, navbatlarni qisqartirish maqsadida Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari ish tartibiga vaqtinchalik o‘zgartirishlar kiritilgan hamda dam olish kunlari navbatchilik jadvallari tuzilgan.
Navbatchilik jadvallari ish vaqti qonun bilan belgilangan me’yorlardan oshib ketmaydigan tarzda tuzilgan. Dam olish kunlari ishlaydigan xodimlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan va haftaning ish kunlari dam olish imkoniyati taqdim etilgan.
Izoh (0)