“O‘zbekiston madaniy merosi jahon qo‘lyozmalarida” loyihasining ijodiy guruhi “Buyuk Kushon imperiyasi: bu haqida hali aytilmagan” yangi hujjatli filmi syomkalari uchun Hindistonga yo‘l oldi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Loyiha O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Film Kushon imperiyasining tarixi haqida so‘zlaydi. Unda Kushon xonligining eng gullab-yashnagan, noyob gandxar madaniyati shakllangan davriga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, O‘rta Osiyo va Hindiston hududlarida yashagan xalqlarning madaniy va iqtisodiy aloqalari diqqat markazida bo‘ladi. Hindistondagi syomkalar lokatsiyasi Hindiston Milliy muzeyi, Matxura muzeyi, Agra muzeyi va boshqa madaniy-tarixiy obyektlarni o‘z ichiga oladi.
Hindistonning kushonshunos olimlari ilk marta o‘zbek tomoshabinlari uchun Kushon sivilizatsiyasi sir-asrorlarini ochishadi. O‘zbekistonda mazkur film “Sevimli” va “Mening yurtim” telekanallari orqali efirga uzatiladi. Ta’kidlash joizki, bundan avval 22—27-avgust kunlari “O‘zbekiston – buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: sulola, din, madaniyat” meros haftaligi Toshkent, Termiz, Buxoro va Xiva shaharlarida bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgan.
Tadbirda dunyoning 300 ga yaqin olimi ishtirok etish istagini bildirgan, 50 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari ushbu tadbirni yoritishi kutilmoqda.
Haftalik doirasida “Kushon xazinalari” noyob ko‘rgazmasi o‘tkazilishi haqida xabar qilingan. Ushbu ekspozitsiya Toshkentdagi O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida namoyish etiladi. Xalqaro olimlarning so‘roviga ko‘ra, miloddan avvalgi I asri boshida O‘rta Osiyo hududida qad rostlagan, nisbatan kam o‘rganilgan va qachonlardir buyuk qudratga ega bo‘lgan Kushon imperiyasining noyob artefaktlarini mustaqillik yillari davomida ilk bora ko‘rgazmaga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Ko‘rgazmaning eksklyuziv, o‘ziga xos jihati Surxondaryo viloyatidagi Dalvarzintepa qazishmalarida topilgan afsonaviy “Dalvarzin xazinasi” namoyishi bo‘ladi.
Izoh (0)