Hindistonning Jammu va Kashmir shtati hukumati terrorchilar xavfi borasida olingan razvedka ma’lumotlariga asoslanib, ziyoratchilar va turistlarni Kashmir vodiysidan tezda chiqib ketishga chaqirdi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
“Razvedka tomonidan taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga tayanib, shuningdek, xavfsizlik masalalarini inobatga olgan holda Amarnatx-Yatra g‘origa ibodat qilish uchun kelganlar va turistlardan tezroq vodiyni tark etishni so‘raymiz”, — deyiladi shtat hukumatining bayonotida.
Hukumat mazkur ogohlantirishni Hindiston harbiylari Jammu va Kashmir shtati politsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan matbuot anjumanidan so‘ng ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, Pokiston armiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan terrorchilar g‘orga ziyoratni buzish niyatida.
Harbiylarning qayd etishicha, Hindistonning muqaddas qadamjosi tomon etluvchi yo‘ldan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar topilgan.
NDTV telekanalining ma’lumotlariga ko‘ra, terakt 15-avgust — Hindiston mustaqilligi kunida amalga oshirilishi mumkin.
Amarnatx g‘ori induizmdagi eng yirik muqaddas qadamjo hisoblanadi. U taxminan 4 kilometr balandlikdagi tog‘lar orasida joylashgan bo‘lib, asosiy qismini qor qoplagan. Yoz mavsumida ibodat qiluvchilar uchun ochiq.
Izoh (0)