Joriy yil 19—20-avgust kunlari Nursulton shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirlari Jamshid Xo‘jayev hamda Saparxan Omarov tomonidan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi. Bu haqda 29-iyul kuni Jamshid Xo‘jayevning Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Gulmira Isayeva bilan muloqoti chog‘ida ma’lum qilindi.
Uchrashuvda Toshkent viloyati hamda Farg‘ona vodiysida Qozog‘iston tajribasini o‘rgangan holda yasmiq, soya o‘simliklarini yetishtirish, O‘zbekiston sharoitiga mos bug‘doy va arpa navlarini o‘stirish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va bu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish kabi masalalar muhokama etildi.
Bunga qadar Rimda o‘tkazilgan FAO konferensiyasida tomonlar agrosanoat, mahsulotlar eksportiga doir masalalarni muhokama etgan edi. Uchrashuvda 2020-yilda O‘zbekistonda tashkil etiladigan FAO hududiy konferensiyasi doirasida bir necha loyihalar tayyorlashga kelishib olindi.
Ayni paytda Qozog‘istondan tashrif buyurgan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish ishchi guruhi a’zolari hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida O‘zbekistondagi imkoniyatlarni o‘rganmoqda.
Izoh (0)