Joriy yilning 25—27-iyul kunlari Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida “Ma’naviyat festivali” o‘tkazilmoqda, bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar qiladi.
Ma’naviy targ‘ibot ishlarining sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan mazkur festival doirasida shahar va tumanlarda g‘oyat qiziqarli va rang-barang tadbirlar, uchrashuvlar, taqdimot marosimlari va xayriya aksiyalari tashkil etilmoqda.
Xususan, viloyat hokimi, viloyat Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi raisi To‘ra Bobolov hamda ijodkor ziyolilar, olimlar, pedagoglar, faol yoshlar vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan Kengash yig‘ilishida uning Kengash qoshida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tashkil etilganligi e’lon qilinib, jamiyat a’zolariga ko‘krak nishoni va a’zolik guvohnomalari topshirildi.
NNT shaklidagi viloyat “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilar orasidan shakllantirilgan bo‘lib, vohada ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, mamlakatda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlari mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamiga yetkazish jamiyat faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi.
Videoselektor shaklida o‘tkazilgan Kengash yig‘ilishida ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot-tashviqot ishlarining ta’sirchanligi va samarasini yanada oshirish bilan bog‘liq vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Viloyat, shahar va tuman studiyalarida ishtirok etgan viloyat hokimligi apparati mas’ul xodimlari, shahar va tumanlar hokimlari, korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamon bilan hamohang yo‘lga qo‘yish, bu sohaga oid amaliy ishlarning natijadorligini ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berilib, zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Kengash yig‘ilishida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari, professor Muhammadjon Quronov ishtirok etdi.
Izoh (0)