Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

24-iyul kuni Samarqand shahridagi 105-sonli maktabgacha ta’lim muassasida tarbiyachining e’tiborsizligi sabab 2014-yilda tug‘ilgan Alisher Hamidov kaltaklanib, sochi qirqilgan. Mazkur holat yuzasidan Alisher Hamidovning buvisi Nasiba Yusupova “Daryo”ga murojaat qildi.

Samarqand shahridagi 105-MTM

“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib borib, voqea qanday bo‘lganligini bilish maqsadida dastlab jabrlanuvchi Alisher Hamidov va uning buvisi Nasiba Yusupova bilan suhbatlashdi.

Nasiba Yusupovaning ta’kidlashicha, 24-iyul kuni nabirasini bog‘chadan olib kelayotganda uning sochi qirqilgan, tishi singan va ko‘zlari qizargan holatda bo‘lgan. Nabirasining bunday holga tushishiga bog‘chadagi tariyachilarning bolalarga e’tiborsizligi sabab sodir bo‘lgan.

Sochi qirqilgan Alisher Hamidov.

Sochi qirqilgan Alisher Hamidov.
Foto: “Daryo”

– Nevaram bilan bo‘layotgan holat birinchi marta emas. Avvallari ham 4–5 marotaba bog‘chadan turli joylari ko‘karib kelgan. Avvaliga o‘zi o‘ynayotganda bexosdan yiqilgandir deb indamay kelardik. Ammo keyinchalik bilsak, tarbiyachisi bolalarga qarash o‘rniga kimlar bilandir gaplashib o‘tirar ekan. Natijada o‘z holiga tashlab qo‘yilgan bolalar esa bir-birlari bilan urishib, janjal qilisharkan. Bu holatga esa tarbiyachi e’tibor qaratmaydi, — deydi Nasiba Yusupova. – Nevaram kaltaklangan kuni ham xuddi shu holat bo‘lgan. Qaysidir bola uning yuzi va ko‘ziga urgan, yana biri qaychi bilan sochini qirqib tashlagan. Xudo ko‘rsatmasin, qaychini biror yeriga tiqib olganda nima bo‘lardi?!

Nasiba Yusupova 25-iyulda kun davomida nevarasini shifokorlarga olib borib, uning holati bo‘yicha xulosa berishni so‘ragan. Biroq shifokorlar nabirasini ko‘rib qo‘yishini, ammo nizoli vaziyat bo‘lganligi uchun xulosa yozib bera olmasligini bildirgan.

Suhbat jarayonida murojaatchi 105-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida har oylik to‘lovdan tashqari 15 ming so‘mdan qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilishini bildirib o‘tdi. Nasiba Yusupovaning ta’kidlashicha, tarbiyachi Umida Tagiyeva ushbu pulning 5 ming so‘mini olib qolib, qolgan 10 ming so‘mini mudiraga berarkan. Tarbiyachi bog‘chaga hojatxona qurish uchun 100 ming so‘mdan pul yig‘ilayotganligi, hozirda 8 kishi pul berganligini ham aytib o‘tgan.

Foto: “Daryo”

– Men 100 ming so‘m pulni berish imkoniyatim yo‘qligini bildirdim. Nima asosda 100 ming so‘mdan yig‘ilayotganligining sababini so‘raganimda, tarbiyachi majburiy emasligini aytib, pulni bo‘lib-bo‘lib bersangizam bo‘ladi deb aytdi, — deydi Nasiba Yusupova. – Iyul oyi uchun 225 ming so‘m pul to‘ladik. Naqd pul qilib bersa oson bo‘lishini aytdi. Shu sababli ham plastikdagi pulni naqd qilib to‘ladik.

Voqea sodir bo‘lganidan so‘ng muassasa xodimlari Alisher Hamidovning uyiga borib hech qayerga murojaat etmasa, 6 oylik pulini to‘lab berishini bildirgan. Biroq Nasiba Yusupova hech qanday to‘lov kerakmasligini, nevarasi bog‘chadan bir emas, bir necha bor lat yegan holatda kelayotganligi uchun o‘z xodimlarining ishiga mas’uliyatsiz bo‘lgan muassasa rahbari va bolalar tarbiyasiga mas’uliyatsiz bo‘lgan tarbiyachilarga qonuniy chora ko‘rish lozimligini aytib o‘tgan.

Holat yuzasidan Samarqand viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasiga murojaat qildik. Murojaat asosida boshqarma tomonidan ishchi guruh tashkil qilindi va vaziyatni ishchi guruhi bilan birgalikda o‘rgandik.

Ishchi guruh holatni o‘rganmoqda.

Ishchi guruh holatni o‘rganmoqda.
Foto: “Daryo”

Alisher Hamidovning bog‘chada kaltaklanishi va sochining qirqilish sabablarini uning tarbiyachisi Umida Tagiyeva quyidagicha izohladi.

– Soat taxminan 10:45 atroflarida men bolalarni basseynga cho‘milishga olib borayotgan edim. 7 nafar bolaning ota-onasi farzandini basseynda cho‘miltirmaslikni iltimos qilgani uchun ularni rasm chizib o‘tiringlar deb xonaga qo‘yib, chiqib ketdim. Voqea shu vaqt oralig‘ida bo‘lgan, — deydi Umida Tagiyeva.

Umida Tagiyeva.

Umida Tagiyeva.
Foto: “Daryo”

“Bu vaqtda yordamchi tarbiyachi nima qilayotgan edi”, deb so‘raganimizda, Umida Tagiyeva yordamchi tarbiyachini ovqat olib kelishi uchun ketganligini bildirib o‘tdi. Biroq suhbat jarayonida ma’lum bo‘lishicha, muassasada tushlik soat 12:00 da berilarkan. Yordamchi tarbiyachining tushlik olib kelishi uchun bir soat avval chiqib ketishi, tarbiyachi esa 7 nafar bolaga rasm chizinglar deb tashlab, ularni o‘z holiga tashlab qo‘yishi muassasada tarbiyachilar o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotganidan dalolat emasmi?

Surishtiruv jarayonida Umida Tagiyeva 5 ming so‘mdan fond uchun pul yig‘ilishini, biroq bu fond qaysi nizom yoki buyruq asosida tuzilganligini aytib berolmadi. Shuningdek, yangi hojatxona qurish uchun 100 ming so‘mdan yig‘ilayotgan pul ota-onalar kengashi qarori asosida yig‘ilayotganligini bildirdi.

Foto: “Daryo”

– Idish-tovoqlarni yuvish, xonalarni tozalash uchun zarur bo‘lgan vositalarni olish uchun 5 ming so‘mdan pul yig‘amiz. 8 kishidan yangi hojatxona qurish uchun 100 ming so‘mdan pul olganman, — deydi Umida Tagiyeva.

Yuqoridagi holatlar va murojaatchi aytgan vajlar bo‘yicha muassasa mudirasi Dilfuza Rahimova bilan ham suhbatlashdik. U kishining ta’kidlashicha, bog‘chada hech qanday fond yo‘q. Qolaversa, tarbiyachilar yig‘ayotgan 5 ming so‘mdan ham xabari yo‘q ekan. Yangi hojatxona qurish uchun yig‘ilayotgan pullar ota-onalar kengashi yig‘ilishi asosida bo‘layotganligini bildirib o‘tdi.

Dilfuza Rahimova.

Dilfuza Rahimova.
Foto: “Daryo”

Yana bir qiziq holat. Voqea sodir bo‘lgan kuni Nasiba Yusupovaga muassasa mudirasi Dilfuza Rahimova qo‘ng‘iroq qilib, bolani ovqat pulidan ozod qilishni, davolanish uchun barcha xarajatlarni o‘z hisobidan amalga oshirishini bildirgan. Shuningdek, ushbu voqeani ommaviy axborot vositalariga, xususan, jurnalistlarga aytmasligini bildirib, jurnalistlar muammoni hal qila olmasligini bildirgan.

Rostdan ham jurnalist muammoni hal qilmaydi. Muammoni ko‘tarib chiqadi, xolos. Jurnalist ko‘targan muammoga mutasaddi tashkilotlar e’tibor qaratsagina o‘sha muammo bartaraf etiladi. Voqeani o‘rganish jarayonida 26-iyul kuni Samarqand viloyatiga Maktabgacha ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari tashrif buyurayotganligini ma’lum qilishdi. O‘ylaymizki, vazir o‘rinbosari 105-maktabgacha ta’lim muassasida sodir bo‘lgan holatga alohida e’tibor qaratadi. Zero, shundagina mudiralarning nazoratsizligi sabab avvalgidek bir murg‘ak qizchaning o‘limi va aybsiz bolaning barmog‘i uzilishi kabi holatlar boshqa tarkrorlanmaydi.

PS. Komissiya yoki tekshiruvchi kelsa, tezda tozalash ishlariga o‘tib ketamiz. 105-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida Alisher Hamidov bilan bo‘lgan voqeani o‘rganish jarayonida muassasa xodimlarining obodonlashtirish ishlarini olib borayotganligiga guvoh bo‘ldik. Ishqilib bolaga qarash o‘rniga tozalik ishlariga jalb qilingan xodimlar majburiy ishlatilmayotgan bo‘lsinda.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Prava”ni yangisiga almashtirib beradigan onlayn xizmat faoliyatida nosozlik kuzatilmoqda
Mahalliy
O‘zbekistonda gaz zapravkalar qayta ochilishi kutilmoqda
Dunyo
Rossiya Belarusga yangi harbiy qismlar joylashtirdi — Ukraina chegara xizmati