“Daryo”dagi ma’lumotlarga qaraganda, Samarqand viloyatining ba’zi tumanlarida oxirgi kunlarda muntazam ravishda elektr ta’minoti uzib qo‘yilmoqda. Sutkasiga soatlab chiroq bo‘lmasligi oddiy fuqarolardan tashqari, biznesga, dehqonchilikka zarar keltirmoqda. Shuningdek, respublikaning boshqa mintaqalarida, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida elektr uzilishlari muntazam tus olmoqda. “Daryo” boshqa viloyatlardagi vaziyatni o‘rganishda davom etmoqda.
Bevosita mana shunday uzilishlardan jabr chekayotgan tumanda istiqomat qiluvchi bloger G‘ayrat Yo‘ldoshning “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbariyatiga murojaati tahririyatga kelib tushdi. Uni quyida e’lon qilamiz.
“Daryo” ochiq minbar sifatida barchaga fikr aytish maydonchasi bo‘lishga tayyor. Quyida keltirilgan fikrlarga o‘quvchilardan ham, aholini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi tashkilotlardan ham munosabat kutib qolamiz.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ raisi Ulug‘bek Mustafoyevga ochiq xat
Hurmatli rais, har holda adashmasam mansabingiz shunday, siz kundalik hayotingizda ertalab nonushta, tushda tushlik, kechki payt kechki ovqat tanovul qilyapsizmi? Albatta qilyapsiz.
Qachon bo‘lsa ham ovqatlanayotganingizda taxmin qilib bilaman, O‘zbekistondagi millionlab insonlarning dasturxonidan farqli ravishda, sizning dasturxoningiz turli noz-ne’matlarga, meva va sabzavotlarning sarxil va eng saralanganlari bilan to‘la bo‘ladi. Ana o‘shanday holatda siz dasturxoningizdagi noz-ne’matlarni, meva va sabzavotlarni tanovul qilayotganingizda hech “shu noz-ne’matlar, meva va sabzavotlar yetishtirilguncha kimlarning mehnati singgan, qo‘li qadoq bo‘lgan, beli mayishgan”, deb o‘ylab ko‘rganmisiz? O‘sha meva va sabzavotlar qanday sharoitda, qanday tuproqda yetishtirilganini, qanday sug‘orilishi haqida-chi, hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Katta ehtimol bilan aytaman, siz bularni o‘ylab ko‘rmaysiz. Oldingizga qo‘yilgan noz-ne’matlarni maqtab yeyishni bilasiz xolos. Ammo ular uchun kim ishlayapti, qanday sharoitda ishlayapti, qanday sug‘oryapti, qanday zahmat chekyapti, bular sizga qiziq emas. Hozirgi holatingiz “beli og‘rimaganning non yeyishi”ga o‘xshaydi.
Dehqon bobo, siz iste’mol qilayotgan noz-ne’matlar, meva va sabzavotlarning urug‘ini erta bahorda yerga qadar ekan, uning asosiy tashvishi va o‘y-xayoli bahorgi yog‘ingarchilikning yetarli bo‘lishi, yozda hammaga suv kerak bo‘lganda o‘ziga ham suvning navbati yetib, ekinlarini vaqtida sug‘orishni o‘ylaydi. Chunki dehqonchilikda asosiy masala sug‘orish hisoblanadi. Ekin vaqtida sug‘orilsa, qolgan ishlar sal chala qolsa ham hosil olish mumkin. Ekinga ishlov berish, kimyoviy va mahalliy o‘g‘itlarni vaqtida solish ishlari ming zo‘r bajarilmasin, ekin vaqtida sug‘orilmasa, hammasi bekor. Shunday ekan, ekin uchun birinchi darajali muhim narsa bu vaqtida sug‘orishdir.
Balki bilarsiz, balki bilmassiz, O‘zbekistonimizdagi ma’lum hududlarda ma’lum yerlar nasoslar yordamida sug‘oriladi. Ana shunday hududlarda yashayotgan, dehqonchilik qilayotgan odamlarning yozda o‘z ekinlarini, mevazor bog‘larini, uzumzorlarini qanday azob bilan sug‘orishlarini siz bilmassiz, ammo men yaxshi bilaman. Chunki ana shunday hududlardan birida tug‘ildim va bugun ham yashayapman.
Men tug‘ilib o‘sgan Urgut tumani ana shunday hududlardan biri hisoblanadi. Bu tumanning tog‘oldi hududlari, qir-adirlaridagi uzumzor bog‘lar Zarafshon daryosidan suv oladigan Darg‘om kanalidan asosan nasoslar yordamida sug‘oriladi. Bizning qishloq aholisi ketma-ket to‘rtta nasosda suv chiqarib kelib bog‘larini sug‘orsa, yonimizdagi G‘o‘s qishlog‘i ketma-ket oltita nasos yordamida suv chiqarib borib, uzumzor bog‘larini sug‘oradi. Yuqorida ham yozdim, saraton issig‘ida dehqon uchun har qanday ekinni yoki meva-sabzavotni yetishtirishda sug‘orish muhim ish. Bir marta o‘z vaqtida quyilmagan suv butun hosilning nobud bo‘lishiga va Xudodan hosiliga baraka so‘rab o‘tirgan dehqonning uyi kuyib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Uzumzorlar ham shunaqa. Ayni hozir, iyul oyining oxirigacha yozning g‘o‘rob suvini ichmagan uzumzor bog‘larning hosili qovjirab qurib qoladi va dehqon hech narsasiz qoladi.
Shu uchun hozir tumanimizda ayni uzumzor bog‘larni sug‘orish avjida. Ammo hali nasos kuygan, hali yana nimadir bo‘lgan, shuncha muammo yetmaganday, mana bir necha kundan beri tumanimizda sutkada 2–3 marta 4–5 soatlab chiroq Samarqanddan, viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan o‘chirilib qo‘yilmoqda (bu haqda gapirgan Urgut tuman ETK xodimining audio yozuvi bor). Kecha shu masalada Samarqand viloyat hududiy ETK ga qo‘ng‘iroq qilsam, mutasaddilaridan biri viloyat bo‘ylab tumanlarda chiroq o‘chirish Toshkentdan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bosh ofisidan buyurilayotganini va ular buyruqni bajarayotganlarini aytdi (bu haqda ham audioyozuv bor).
Uning gapidan keyin taxmin qildimki, butun O‘zbekiston bo‘ylab chiroq o‘chirish buyrug‘i siz raislik qilayotgan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan beriladi.
Yuqorida asosan o‘zim yashayotgan Urgut tumanidagi sho‘ring qurg‘ur dehqonlarining ahvolini yozdim, lekin nasos bilan suv chiqarib dehqonchilik qiladigan dehqonlar mamlakatimizning hamma hududlarida bor. Qolaversa, chiroq o‘chishidan hamma zarar qilyapti, azob tortyapti. Kecha soat 17:00 larda o‘chirishganidan keyin soat nechada yoqishgan bilmayman. Yarim kechasi, soat 01:00 larda hali yonmagan edi. Ertalab mahallamdagi do‘konga kirsam, “aka, buni qarang”, deb qolishdi. Qarasam, muzqaymoq erib, oqib, chiroq yongandan keyin yaxlit bir muz bo‘lak holiga kelgan. Muzlatkichdagi go‘sht mahsulotlari hidlanib qolgan. Buning zararini kim to‘laydi?
Nima qilaylik, janob? Dardimizni kimga aytaylik? Haqqimizni kimdan so‘raylik?
Janob rais, men hozir sizga “mamlakatdagi islohotlar samarasi” haqida va’z o‘qimayman. Shunchaki talab qilaman: odamlar chiroq uchun pul to‘layaptimi, sizning ham, qo‘lingiz ostidagi xodimlaringizning ham aholining ham, fermerning ham, tadbirkorning ham chirog‘ini bir daqiqaga bo‘lsin o‘chirishga mutlaqo haqlaring yo‘q. Chiroq pulini bermay yurganlar bormi, ularga chora ko‘ring. Simyog‘ochlar, nimstansiyalar eskirgani tufayli yo‘qotish ko‘p bo‘lyaptimi, unda ularni yangilang, zero 26 yildan beri oddiy aholi emas, energetika tizimi eskirgan simyog‘ochlar va nimstansiyalarni almashtirmay kelgan. Nima qilsangiz qiling, ammo aholining chirog‘ini o‘chirmang. Dehqon va fermerlarning uyini kuydirmang.
Agar ayb sizda bo‘lmasa, buyruq boshqa instansiyalardan kelayotgan bo‘lsa, yoki bunga jiddiy texnik va moliyaviy sabablar bo‘lsa, jim turmang, tushuntirish o‘tkazing, bayonot bering, aholini oldindan ogohlantiring. Hozirgiday indamay chiroqni o‘chiraverish oddiy fuqarolar yuziga oyoq bosishdir.
Sizga so‘nggi maslahatim, ovqatlanayotgan paytingizda nondan tortib boshqa noz-ne’matlar, meva va sabzavotlarga qarab, sho‘ring qurgur dehqonning o‘sha narsalarni yetishtirishda, dalasini sug‘orishda torgan azob va zahmatlarini ko‘z oldingizga keltiring va o‘sha noz-ne’matlar o‘zicha o‘shanday sarxil bo‘lib pishib yetilmasligini, uning yetishishida dehqonning, kunduzi-ku mayli, tunlari uyqudan qolib ming mashaqqat va zahmat bilan qilgan xizmatlari kattaligini ham o‘ylang. Agar shuncha gapdan keyin ham joylarda chiroqni o‘chirtirishni vijdoningiz qabul qilsa o‘sha noz-ne’matlar, meva va sabzavotlarni hech narsa bo‘lmaganday xotirjam tanovul qilavering. Xalq esa buyoqda noiloj qolib, suvsizlikdan qovjirab qolayotgan ekiniga qarab “Ilohim shuncha mehnatimni kuydirgan senlarni uying kuysin” deb o‘tiraveradi.
Salomat bo‘ling.
P.S.: Bugun ertalab soat 07:00 larda o‘chdi. Soat 13:00 larda yondi. Soat 15:00 dan o‘tib o‘chdi.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.
Izoh (0)