Buxoro shahri markazidagi Favvoralar maydonida an’anaviy “Qovun sayli” bayrami bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Saylda viloyat mirishkorlari tomonidan parvarishlangan 60 turdan ziyod qovun navi arzon narxlarda aholiga tortiq qilindi. 200 dan ortiq fermer xo‘jaligi tomonidan 80 turga yaqin qovun mahsulotlari namoyish etilmoqda.
— Buxoro tuprog‘i va tabiiy iqlim sharoitiga xos, ammo unut bo‘lib ketgan qovun navlarini qayta tiklash borasida talay ishlar qilindi. Izlanishlar samarasida 25 dan ortiq qovun navi qayta tiklandi. “Bo‘rikalla”, “Barginay”, “Gulobi”, “Sherozi”, “Amiri”, “Ko‘kcha”, “Obinavvot”, “Qoraqand” kabilar shular jumlasidan,— deydi Jondor tumanidagi “Elmurod Do‘stmurod Shahriyor” fermer xo‘jaligi rahbari Do‘stmurod Boymurodov.
Qovun sayli doirasida boshqa turdagi poliz mahsulotlari, mevalar ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi. Xorijdan kelgan sayyohlar ham ulardan bahramand bo‘ldi.
Tadbir davomida viloyatning qovun yetishtiruvchi dehqonlari o‘rtasida turli nominatsiyalar bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan. 1996-yildan beri muntazam o‘tkazib kelinayotgan sayl uch kun davom etadi.
Izoh (0)