O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga jalb qilish Mehnat kodeksining 7-moddasi bilan taqiqlanganligiga qaramasdan, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari va boshqa budjet tashkilotlari xodimlarini, maktab o‘quvchilari va talabalarni hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga, mavsumiy qishloq xo‘jalik ishlariga jalb qilish holatlariga chek qo‘yilmayapti. Bu haqda Zarnews xabar beradi.
Samarqand viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi qonunchilik talablariga rioya etmayotgan tashkilot va muassasalar mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli choralarni qo‘llamoqda.
Jumladan, Samarqand veterinariya meditsinasi institutida talabalarni, Tayloq tumanidagi 5-son maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlarini, Bulung‘ur tumanidagi 48, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 41 va 55-umumta’lim maktablarida o‘quvchilarni obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb qilganliklari uchun ushbu muassasalar rahbarlariga ma’muriy jarima qo‘llanildi.
— Yurtimizda majburiy mehnatga jalb qilish taqiqlanganiga qaramasdan bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘yayotgan rahbarlar ham uchramoqda, — deydi viloyat Bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Orifjon Suvonqulov. – Ularga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-bandi hamda 51-moddasiga muvofiq turli miqdordagi jarimalar qo‘llanildi. O‘tgan yili bu kabi 138 ta salbiy holat aniqlanib, 16 million 330 ming so‘m jarima qo‘llanilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida 16 holatda mansabdor shaxslarga 7 million 261 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-bandiga muvofiq, mansabdor shaxslar tomonidan mehnat qonunchiligi talablari buzilganligi uchun Samarqand Davlat universitetining 2 nafar javobgar shaxsiga nisbatan ham eng kam ish haqining 3 barobari miqdorida jarima qo‘llanildi.
Izoh (0)