Xitoy Xalq Respublikasining xorijiy korxonalarni rivojlantirish bo‘yicha Xitoy assotsiatsiyasi (CODA) bosh kotibi Xe Chjenvey boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya Samarqand shahriga keldi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Samarqand viloyati hokimligida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mehmonlarni tashrif bilan qutlab, viloyatda turizm, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, chiqindini qayta ishlash va boshqa sohalarda hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng viloyatning investitsion salohiyati, xorijlik hamkorlar uchun yaratilgan imkoniyat va qulayliklarga oid, shuningdek, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Mehmonlarga viloyatning iqtisodiy imkoniyatlari, transport-logistika tarmog‘i, kommunikatsiya tizimlari haqida ma’lumot berildi.
– Samarqand boy tarixga ega shahar va biz bu yerga kelganimizdan juda xursandmiz, – deydi xorijiy korxonalarni rivojlantirish bo‘yicha Xitoy assotsiatsiyasi (CODA) bosh kotibi Xe Chjenvey. – Keyingi yillarda bizning tadbirkorlarda O‘zbekistonga, bu yerda biznes faoliyatni yo‘lga qo‘yishga qiziqish ortib bormoqda. Bugungi taqdimotlar, bizga berilgan ma’lumotlardan so‘ng hamkorlikda ishlashga ishtiyoqimiz oshdi. Ayni paytda O‘zbekistonda investitsiya kiritish, yurtingiz tadbirkorlari bilan qo‘shma korxonalar tashkil etish uchun qulay muhit yaratilgan.
Izoh (0)