“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati va UzAuto Motors kompaniyasi tashabbusi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tasdiqlangan media-reja asosida press-tur tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi veb-saytida ma’lum qilingan.
Safar yakunida UzAuto Motors (sobiq GM Uzbekistan) zavodida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda avtomobilsozlik O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmog‘i ekani, masalan, o‘tgan yili “O‘zavtosanoat” AJ korxonalari ishlab chiqarish hajmining butun mamlakat sanoatidagi hissasi uchdan birga teng bo‘lgani qayd etildi.
UzAuto Motors kompaniyasi esa 2019-yilda asosiy e’tiborni mahsulot sifati va mijozlarga xizmat ko‘rsatish darajasini oshirishga qaratayotgani aytildi.
OAV vakillari sifat bilan birga iqtisodiy muvozanatni saqlab qolish, oqilona narx siyosatini yuritish bilan bog‘liq masalalarni ko‘tardi. Jumladan, jurnalistlar O‘zbekistonda avtotransport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imlarini joriy etish rejalanayotgani, shunga oid qonun loyihasi ishlab chiqilgani xususida to‘xtalib o‘tdi.
“Qonun qabul qilinib, utilizatsiya yig‘imlari joriy etilgan taqdirda ham bizning zavodda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar narxi oshmaydi, — dedi UzAuto Motors bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov. — Agar O‘zbekistonda utilizatsiya jarayoni yo‘lga qo‘yilsa, katta yutuq bo‘ladi. Bu xuddi trade-in amaliyotiga o‘xshash jarayon. Ya’ni, foydalanishda bo‘lgan avtomobilni utilizatsiya uchun topshirib, yangisiga yoki nisbatan kamroq masofa bosgan mashinaga muayyan qo‘shimcha to‘lov asosida almashtirish imkoni bo‘ladi”.
“O‘zavtosanoat” boshqarma boshlig‘i Shavkatbek Alimov utilizatsiya yig‘imi to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyorlanganidan xabari borligini va bu to‘g‘ri qadam ekanini ta’kidladi.
“Maqsad bitta — ekologiyani asrash, — dedi Shavkatbek Alimov. — Asaka shahridagi avtomobil zavodi faoliyati boshlangandan buyon GM Uzbekistan kompaniyasi, ya’ni hozirgi UzAuto Motors tomonidan 3 million 155 ming 650 ta avtomobil ishlab chiqarildi, ichki bozorda 2 million 150 mingdan ziyod avtomobil sotildi. Tasavvur qilyapsizmi, shuncha avtomobil ko‘chalarimizda yuribdi, ularning orasida 1996-yilda ishlab chiqarilganlari ham bor”.
UzAuto Motors rahbari vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi.
“Ha, eski avtomobillar yo‘llarimizda juda ko‘p, — dedi Rustam Rajabov. — Ularning atrof-muhitga, atmosferaga zarar yetkazayotganini inkor qilib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, O‘zbekistonda “avtomobillar qabristoni” yo‘q, hozircha. Lekin utilizatsiya masalasiga jiddiy e’tibor qaratish fursati yetdi. Eski avtomobillardan, ularning tarkibiy qismlaridan zararli moddalar ajralib chiqishini hammamiz bilamiz. Masalan, dalaga tashlab ketilgan bitta akkumlyatordan sizib chiqadigan zaharli suyuqlik natijasida butun boshli sigirlar to‘dasi nobud bo‘lishi mumkin”.
Jurnalistlar avtomobillarning yaroqlilik muddati haqida so‘radi.
“Yengil avtomobillarning yaroqlilik muddati cheklanmagan, — dedi “O‘zavtosanoat” vakili Shavkatbek Alimov. — Yo‘lovchi tashuvchi transport vositalarining yaroqlilik muddati esa 10 yil qilib belgilangan”.
Izoh (0)