Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Berlindagi Shtaynbays nomli xususiy universitetning ilmiy ishlar bo‘yicha prezidenti G.Xubua bilan uchrashdi, bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar qiladi.
O‘zaro muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahrida O‘zbekiston—Germaniya texnika universitetini tashkil etishga qaratilgan farmoni ijrosini ta’minlash masalasi muhokama qilindi.Toshkent shahar hokimi texnika sohasida yuksak malakali mutaxassislar qatori boshqaruvni biladigan va o‘z yo‘nalishida korxona ochish salohiyati va qobiliyatiga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash muhimligini qayd etdi.
Berlindagi Shtaynbays nomidagi xususiy universitetning ilmiy ishlar bo‘yicha prezidenti G.Xubua bu borada ularda yaxshi tajriba yo‘lga qo‘yilgani, universitet talabasi bo‘lishni xohlagan abituriyentlar avvalo korxona-tashkilotlar bilan ma’lum bir istiqbolli loyiha bo‘yicha shartnomaga ega bo‘lishi lozimligi, oliy ta’lim dargohi esa ushbu loyihani takomillashtirish va hayotga joriy etishga har tomonlama yordam berishini ma’lum qildi. Shuningdek, Berlindagi Shtaynbays nomidagi xususiy universitet Myunxen texnika universiteti va Karlsrue texnologiya universiteti bilan hamkorlikda ishlashini qayd etib, O‘zbekiston tomoni bilan amalga oshiriladigan loyihada ulardagi samarali o‘quv dasturlari va ish tajribasidan foydalanish mumkinligini aytib o‘tdi.
Uchrashuvda ta’lim qanday yo‘nalishlar va dasturlar asosida olib borilishi, bu jarayonga jalb qilinadigan mutaxassislar masalasi ham muhokama etildi.
Izoh (0)