O‘zbekistonning Berlindagi elchisi Nabijon Qosimov 9-iyul kuni Germaniya Federal kansleri Angela Merkel taklifiga binoan rasmiy qabulda ishtirok etdi. O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv Germaniyada akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlarning rahbarlari uchun Mezeberg hukumat qarorgohida o‘tkazilgan.
Qabulda kansler Angela Merkel bilan qisqa suhbat bo‘lib o‘tib, u yarim yil ichida amalga oshirilgan ikkita oliy darajadagi tashrif — Prezident Shavkat Mirziyoyevning yanvar oyidagi Germaniyaga va Prezident Frank-Valter Shtaynmayerning may oyidagi O‘zbekistonga tashriflari yakunlaridan mamnunligini bildirgan. Kansler tashrif yakunlarini o‘ta muvaffaqiyatli va sermahsul deb baholagan.
Germaniya hukumati rahbarining fikricha, oliy darajadagi mazkur tashriflar, shubhasiz, ikki davlat o‘rtasida turli sohalardagi ishonchli munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikning faollashuviga xizmat qiladi.
Uchrashuvda Angela Merkel Shavkat Mirziyoyevga o‘zining ehtiromi va eng ezgu tilaklarini ham yetkazib qo‘yishni so‘ragan.
Izoh (0)