“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ayni paytgacha mamlakatimizning 24 ta tuman va shaharlarida 872 000 dan ziyod zamonaviy elektr hisoblagichlar o‘rnatildi.

Yil yakuniga qadar 2 milliondan ortiq elektr hisoblagichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, 2021-yil yakuniga borib 7 milliondan ortiq iste’molchilarning barchasi ushbu tizimga to‘liq ulanishi ta’minlanadi.

Hozirgi kunda iste’molchilarga o‘rnatilayotgan zamonaviy elektr hisoblagichlar Janubiy Koreyaning “KT Corporation”, “Elektron hisoblagich” MChJ va “Toshelektroapparat” MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan va “O‘zstandart” agentligidan tasdiqlangan, texnik talablarga to‘liq javob bera oladigan hisoblagichlar o‘rnatilmoqda.

Zamonaviy elektr hisoblagichlarning texnik ko‘rsatkichlari quyidagicha:

Elektr kuchlanishi – 230±10% V;

Maksimal elektr tok o‘tkazishi – 60A;

– O‘rnatilayotgan zamonaviy hisoblagichlarning elektr toki o‘tkazishi 60 A yoki 13,2 kVt quvvatga mo‘ljallangan, – deydi “Elektron hisoblagich” MChJ bosh direktori o‘rinbosari Qahramon Nurmatov.

– Misol uchun, o‘rtacha bitta xonadonda 11,3 kVtli (1 ta konditsioner – 1,2 kVt, 15 ta yoritgich – 0,2 kVt, televizor – 0,075 kVt, dazmol – 1 kVt, isitish moslamasi – 3 kVt, tеfal – 1,5 kVt, muzlatgich – 1,0 kVt, changyutgich – 1,2 kVt, mikroto‘lqinli pech – 1,2 kVt, kompyuter/printer – 0,8 kVt va boshqa elektr qurilmalar – 0,1kVt) elektr qurilmalardan foydalaniladi.

Ushbu qurilmalardan bir vaqtning o‘zida foydalanganda ham hisoblagichning ish faoliyatiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Shu o‘rinda, iste’molchilarimiz yetkazib berilayotgan elektr energiyasidan tejamkorlik va undan oqilona foydalanishlarini, elektr qurilmalarining ishdan chiqishi va avariyaviy o‘chishlarning oldini olishda o‘z hissalarini qo‘shishlarini so‘raymiz.

Ma’lumot sheriklik asosida tayyorlandi