Mirziyod Yunusov elektrotexnika sanoat korxonalarini birlashtirgan “O‘zeltexsanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlandi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Ushbu tayinlovga qadar Mirziyod Yunusov Artel Engineering and Management kompaniyasida departament mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Xabar berishlaricha, bosh vazir Abdulla Aripov 5-iyul kuni uyushmada yig‘ilish o‘tkazib, kadrlar masalasini muhokama qilgan. Uchrashuvdan so‘ng “O‘zeltexsanoat”ga 12-martdan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Alisher Abdullayev lavozimini tark etdi.
May oyi oxirida “O‘zeltexsanoat” korxonalari Prezident qarori bilan 2022-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va import qilingan xomashyo, materiallar, butlovchi qismlar va uskunalar uchun bojxona bojlarini to‘lashdan ozod qilingan edi.
Bundan tashqari, 1-iyuldan boshlab jumladan strategik sub’ektlar tomonidan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan 20 foizgacha narx preferensiyasi qo‘llaniladi.
Izoh (0)