Shahrisabz tarixiy markazi YuNESKO tomonidan Umumjahon merosining xavf ostidagi obyektlar ro‘yxatida qoldirildi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“YuNESKOning Butunjahon madaniy meros masalalariga bag‘ishlangan 43-sessiyasida Shahrisabz bo‘yicha qaror qabul qilindi. Hujjatda O‘zbekiston rahbariyati tomonidan butunjahon merosga kiruvchi obyektlarni himoya qilish bo‘yicha qabul qilingan choralar hamda hukumat tomonidan tarixiy shaharlarda qurilish ishlarini to‘xtatib turish haqidagi qarori olqishlanishi ta’kidlangan. Hujjatda shaharni rivojlantirish bo‘yicha aniq tavsiyalar mavjud va Shahrisabz xavf ostidagi obyekt ro‘yxatida qoldirilishi haqida aytib o‘tilgan. O‘zbekiston tomoni ikki yil ichida shaharni regeneratsiya qilish bo‘yicha reja loyihasini ishlab chiqish majburiyatini oldi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Baku shahrida o‘tkazilayotgan YuNESKO Butunjahon madaniy merosining 43-sessiyasida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.
Izoh (0)