Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) e’lon qilgan professional bokschilarning yangi reytingida o‘zbekistonlik bokschi Shahram G‘iyosov (8 ta g‘alaba, 6 ta nokaut) yuqorilashga muvaffaq bo‘ldi, deya xabar beradi GoSport.
Super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Shahram G‘iyosov iyun oyi uchun chiqarilgan reytingda oldingi oyga nisbatan ikki pog‘ona yuqorilab, 11-o‘rinni egalladi.
Ma’lumot uchun, Shahram aprel oyi so‘ngida amerikalik Emmanuel Teylorni ochkolar hisobida mag‘lubiyatga uchratib, WBA International chempionlik kamarini qo‘lga kiritgandi.
Yangilangan reytingda super yarim o‘rta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Isroil Madrimov (3 ta g‘alaba, 3 ta nokaut) may oyida bo‘lgani kabi 6-pog‘onada, ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Murodjon Ahmadaliyev (6 ta g‘alaba, 5 ta nokaut) o‘tgan oydagi kabi ikkinchi o‘rinda qoldi.
Super yengil (-63,5 kg) vazn toifasi vakili Shohjahon Ergashev (16 ta g‘alaba, 14 ta nokaut) esa bu safar reytingda pastlab 5-o‘ringa joylashdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)