Gulistonda “Yoshlar kuni” bayram tadbirlari “Yoshlar paradi” loyihasi bilan boshlandi. Unda 1000 nafar yigit-qiz ishtirok etdi. So‘ngra “Motamsaro ona” haykali poyiga gullar qo‘yildi. “Yurt bayrog‘i” maydonida 30-iyun kuni 10 yoshga to‘lgan o‘quvchilar “Kamalak” bolalar tashkiloti, 14 yoshga yetgan o‘g‘il-qizlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi a’zoligiga qabul qilindi, deb xabar qiladi “Xalq so‘zi”.
Shuningdek, bayram dasturi doirasida “Hokim va yoshlar”, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining nikoh to‘ylari, harbiy qismlar yoshlari o‘rtasida “Zukko kitobxon” va yana bir qancha madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Muhtasham Amfiteatrda esa bayram tantanasi va gala-konsert o‘tkazildi.
Unda Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
So‘ngra viloyat rahbari Prezident qaroriga asosan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan Boyovut tumanidagi 30-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Nodirbek Bahromov va Sirdaryo tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabining og‘ir atletika bo‘yicha murabbiyi Javohir Qurbonovga yuksak mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi. Shuningdek, “Yoshlar oyligi” doirasidagi loyihalar g‘oliblari ham munosib taqdirlandi.
Unda “Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovi g‘olibi, Sayxunobod tumanidan Muhammad Qarshiyev oilasiga Prezident sovg‘asi — Spark avtomashinasi topshirildi. Shu oila a’zosi 5 yoshli Og‘abekning yoddan o‘qigan she’rlari esa barcha ishtirokchilarning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, hozirda Sirdaryo viloyati aholisining 488 ming nafarini yoshlar tashkil qiladi.
Izoh (0)