O‘zbekiston–Fransiya snayperlari hamkorlikdagi mashg‘ulotlar yakunida Fransiya Qurolli kuchlar vazirligining O‘zbekistondagi harbiy attashesi podpolkovnik Jan-Mari Xoltsinger O‘zbekistonda ikki yildan buyon o‘tkazilayotgan “Snayper kundaligi” dasturi va mazkur sohaning istiqboli haqidagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda harbiy jurnalist kapitan G‘ayrat Madrahimov xabar berdi.
“Dunyo xaritasiga qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan chegaradosh. Ushbu davlatning shimoliga to‘g‘ri keladigan ayrim hududlarda terrorchi kuchlar harakatlari kuzatilyapti. Shuning uchun O‘zbekiston Qurolli kuchlari har doim terrorizmga qarshi kurashishga qobiliyatli bo‘lishi kerak, nafaqat O‘zbekiston uchun, balki butun dunyo uchun, – deydi harbiy attashe podpolkovnik Jan-Mari Xoltsinger. – O‘zbekistonda ikki yildan buyon ‘Snayper kundaligi’ dasturi bo‘yicha hamkorlikda mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Jami 24 nafar qatnashchidan sakkiz nafari uchinchi bosqichga muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu normal holat. Ular uchinchi bosqichdan so‘ng snayper tayyorlash bo‘yicha o‘zbek armiyasining ilk yo‘riqchilari bo‘ladi. Yaqin kelajakda snayper sohasida O‘zbekiston butunlay mustaqil bo‘ladi. Mazkur mashg‘ulotni tashkil etish bo‘yicha xorij legionlarida, jangovar harakatlarda qatnashgan ilg‘or mutaxassislarni jalb qilganmiz. Biz boshqa mutaxassislik bo‘yicha ham Mudofaa vazirligi bilan harbiy hamkorlik qilishni maqsad qilganmiz. Men yana bir bora xorijiy legion vakillariga tashakkur bildirmoqchiman”.
Ushbu hamkorlikdagi mashg‘ulotlarda yangilik sifatida ikki kishilik snayper guruhlar (hozirga qadar o‘zbek armiyasida bir snayper harakatini kuzatish mumkin) harakati, ko‘rinishi yomon bo‘lgan sharoitda avtomobil, bino ortidan hujumga o‘tish, hattoki obyektga yaqinlashib, yaqin masofadan pistoletdan otish mashqlarini bajarish kabi amallarni kuzatish mumkin.
Bundan tashqari, otilgan o‘qqa ta’sir etuvchi shamol, havo harorati, porox zaryadining zijligi va nishongacha bo‘lgan masofani aniqlash kabi (omillar) masalalar yangi formulalar asosida(odatda bizda eskicha formulalar mavjud, yangichasi zarar qilmaydi) hisoblangan.
Shunday qilib, Markaziy harbiy okrugdagi “Forish” tog‘ poligonida Fransiya Qurolli kuchlarining elita (maxsus vazifalarni bajaruvchi) 13-yarim brigadasining harbiy xizmatchilari kapitan Jan-Gama Toyer, katta serjant Lasha Sulakauri hamda Miksil Kokashvili tomonidan o‘zbek snayperlariga 2019-yil hisobidan ikkinchi bosqich tayyorgarlik sinovlari o‘z yakuniga yetdi.
Izoh (0)