“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska rejimini bekor qilish to‘g‘risidagi petitsiyaga moderator rad javobini berdi. Bu haqda huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ma’lum qildi.
Ya’ni petitsiya ovozga ham qo‘yilmadi. Rad qilishning asosi sifatida doimiy propiskani soddalashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinayotgani aytilgan.
“Vaholanki, men propiskani soddalashtirishni emas, bu tizimni butunlay bekor qilishni so‘raganman. Bu ikkalasi mazmunan boshqa-boshqa narsalar ekanligini tushunish qiyin emas”, — deydi Xushnudbek.
Moderator javobining so‘nggida quyidagicha deyiladi:
“Yuqoridagilardan kelib chiqib, mamlakatimizda ushbu sohada islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligini hisobga olgan holda, 2019-yil 2-fevraldagi ‘Mening fikrim” veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaat qilish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida’gi Nizomga muvofiq, ‘Mening fikrim’ veb-portaliga elektron jamoaviy murojaatni joylashtirish yoki joylashtirishni rad etish haqidagi masalani ko‘rib chiqish uchun vakolatli davlat organlari va moderator vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan Ishchi komissiya tomonidan murojaatingiz ‘Mening fikrim’ veb-portaliga joylashtirilishi maqsadga muvofiq emas, deb topildi”.
Lekin xulosada Nizomning aynan qaysi bandi bo‘yicha rad qilinganligi aytilmagan. Xushnudbekning ta’kidlashicha, Nizomda rad qilish asoslari aniq sanalgan bo‘lib, rad ejtilgan petitsiya ularning birortasiga tushmaydi.
Izoh (0)