Jizzaxda nafaqadagi IIB xodimlariga bosqinchilik uyushtirgan U.Rajabov, L.Bektemirov, V.Soliyev, O.Yormatov, P.Pardabekov va T.Meliqo‘ziyev (ism sharifi o‘zgartirilgan) qamoqqa olindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudi xabar berishicha, ular bosqinchilik yo‘li bilan o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida bir guruh bo‘lib, oldindan jinoiy til biriktirgan.
Oldindan tuzilgan jinoiy rejaga ko‘ra, yuzlariga mato o‘rab olib, Mirzacho‘l tumani R.Xaydarov SIU hududidagi zovurdan baliq ovlash maqsadida kelgan Jizzax shahrida yashovchi, muqaddam IIB idoralarida turli lavozimlarda xizmat qilgan fuqarolar A.Akabayev va J.Javlonovlarga (ism sharifi o‘zgartirilgan) hujum qilgan.
Bosqinchilar ularga hayot uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, hech bir sababsiz o‘zlari bilan olib kelgan yog‘och tayoqlar bilan urib, tan jarohati yetkazgan. So‘ng, mashinasidagi 200 000 so‘m pulini, 3 dona 1 dollar kupyurasidagi pullarni, Samsung J2, MI-6 smartfoni, haydovchilik va nafaqa guvohnomalarini hamda 4 dona qarmoqlarini qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashiringan.
Ushbu jinoyat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudi tomonidan bosqinchilik qilgan shaxslarning barchasiga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llanildi.
Izoh (0)