O‘zbekiston Mudofaa vazirining qurol-aslaha va qurollanish bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Oybek Ismoilov rahbarligidagi O‘zbekiston harbiy delegatsiyasi vakillari Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilayotgan “Armiya — 2019” beshinchi xalqaro harbiy-texnika forumida ishtirok etmoqda, bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.
Forum davomida turli davlatlarning korxona va kompaniyalarida ishlab chiqarilgan qurol-aslaha, harbiy texnika va harbiy-texnik mulklar namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi forum davomida turli davlatlar korxona va kompaniyalarining vakillari bilan qo‘shinlarni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika, harbiy-texnik mulk hamda zahira asbob va anjomlar bilan qurollantirish bo‘yicha muzokara o‘tkazmoqda.
Shuningdek, qurol-aslaha va harbiy texnikalarni modernizatsiya qilish va ta’mirlash hamda muhandislik-texniklar tarkibini tegishli davlatlar korxonalariga tajriba almashinuviga yuborish, davlatlar o‘rtasida harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Beshinchi xalqaro harbiy-texnik forum joriy yilning 30-iyuniga qadar davom etadi.
Izoh (0)