Tashkent City loyihasi doirasida qurilayotgan markaziy bog‘da madam Tyusso muzeyining filiali ochiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan Tashkent City qurilishi jarayonining borishi haqidagi videorolikda ma’lum qilindi, deb xabar berdi “Nuz.uz”.

Foto: YouTube

Markaziy bog‘ning umumiy maydoni 18 gektarni tashkil etadi. Hozirda bu yerda sun’iy ko‘l yaratish ishlari olib borilmoqda. Sun’iy ko‘l 15 ming metr kvadrat maydonda joylashadi, unda katta musiqiy favvora ham bo‘ladi.

Ko‘l orqali o‘tuvchi ko‘prikning uzunligi 50 metrni, yon ko‘priklarning uzunligi esa 18 metrni tashkil etadi.

Ko‘l sohilida oltita restoran, ikki turdagi bolalar maydonchalari joylashadi. Bog‘ning bir burchagida Planetarium qurilaadi, madam Tyusso muzeyi shu yerda joylashadi.

Ma’lumot uchun, hozirgi kunda Londondagi madam Tyusso muzeyining 23 ta mamlakatda filiallari mavjud, shundan o‘ntasi Osiyoda joylashgan.

Markaziy bog‘da shuningdek, 450 kishiga mo‘ljallangan amfiteatr, o‘nta musiqiy favvora va O‘zbekistonda muqobili bo‘lmagan quruq favvoralar ham bo‘ladi.

Festivallar o‘tkazish uchun 2000 kishini sig‘dira oladigan pushti bog‘ barpo etilmoqda. Bu yerda sport maydonchalari, veloyo‘lakchalar ham bo‘ladi.

Markaziy bog‘ qurilishi yil oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilmoqda.