Afg‘onistonning Farah viloyatidagi masjid mullasi o‘z oila a’zolarini tartibsiz o‘qqa tutishi oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi, 5 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Dialog” xabar berdi.
Afg‘onistonning “Salom Vatandor” gazetasining Farah viloyati kengash raisi Mahmud Naimiyga tayanib xabar berishicha, voqea 10-iyun kuni kechasi Farah viloyatining Xoki Safed tumanida sodir bo‘lgan.
Naimiyning ma’lum qilishicha, mulla avval o‘z oila a’zolarini otgan, ammo ularga yordam berish uchun ikki qo‘shnisi yugurib chiqqanida mulla ularni ham o‘qqa tutgan. Oqibatda qo‘shnilar ham yaralangan, ulardan biri og‘ir ahvolda. Halok bo‘lganlar orasida olti nafar ayol va ikki nafar bola ham bor.
Voqea tolibonlar nazoratida bo‘lgan tumanda sodir bo‘lgan va qotil tolibonlar tomonidan qo‘lga olingan.
Jinoyat sabablari hali ham noma’lumligicha qolmoqda. Afg‘onistonda avval ham ommaviy qotilliklar sodir etilgan, lekin jinoyatchining o‘z oila a’zolarini o‘ldirishi birinchi marta kuzatilmoqda.
Izoh (0)