Aholi tomonidan bildirilayotgan so‘rovlarning aksariyati uy-joy bilan bog‘liq. Bu haqda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ma’lum qildi, deya xabar beradi Zarnews.
—Boshlang‘ich badal to‘lovini amalga oshirmagan fuqaroga uy berilmaydi. Haqiqatan hech kimi yo‘q, uyga o‘ta muhtoj fuqarolar bo‘lsa, marhamat, yordam beramiz, — dedi Turdimov Ishtixon tumanida o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul davomida.
— Mahallamiz qabristoniga ajratilgan 5 gektardan ziyod yer maydonini odamlar noqonuniy o‘zlashtirib olyapti, — deydi Ishtixon tumanidagi Xonaqo mahallasida yashovchi Yu.Alimov.
—Qabristonga ajratilib, yillar mobaynida bo‘sh turgan hududdan aholi vaqtincha foydalanayotgan bo‘lsa, buning nimasi yomon? — dedi hokim. — Agar qabristonga tegishli joyga tosh to‘kib, noqonuniy imorat qurish, yerlarni uchastka sifatida o‘zlashtirish niyatida bo‘lganlar bo‘lsa, bu hatti-harakatlarga chek qo‘yish lozim.
Viloyat hokimi yo‘l qurilishi, tabiiy gaz ta’minoti, ichimlik suvi, maktabgacha ta’lim muassasalari bilan bog‘liq aholi murojaatlarini tinglar ekan, kommunal xizmat borasidagi mavjud muammolarni ro‘y-rost oshkor etdi:
— Viloyatning 62 foiz aholisi tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan. 2250 kilometrdan ziyod ichki yo‘llarimiz ta’mirga muhtoj. Bu muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etib borilmoqda.
Qabul davomida viloyat hokimi hamda sektor rahbarlari aholining 270 dan ziyod murojaatini tingladi. Masalalarning aksariyatiga shu yerning o‘zida yechim topildi.
Izoh (0)