Moskvadagi Lefortovo sudi Rossiya Tergov qo‘mitasining Volgograd viloyati bo‘yicha boshqarmasi sobiq boshlig‘i Mixail Muzrayevni hibsga oldi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
Muzrayev Volgograd viloyati gubernatori Andrey Bocharovning uyi yoqib yuborilishi ishi bo‘yicha qo‘lga olindi. 2016-yil 16-noyabrida Bocharovning oilasi istiqomat qilgan uy 5 nafar shaxs tomonidan yoqib yuborilgan, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagandi.
Muzrayevga bir guruh shaxslar tomonidan amalga oshirilgan teraktda ayblov e’lon qilindi. Tergovga ko‘ra, u va yana 4 kishi volgogradlik biznesmen Yevgeniy Remezov boshqargan jinoiy guruhga kirgan. Uning o‘zi aybini tan olmagan.
General-leytenant Mixail Muzrayev 2007—2018-yillarda Tergov qo‘mitasining Volgograd viloyati bo‘yicha boshqarmasini boshqargan, 2019-yil yanvarida qo‘mita raisi Aleksandr Bastrikinning maslahatchisi lavozimiga tayinlangandi.
Izoh (0)