Xitoydagi yirik AliExpress internet do‘koni Tojikistonda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
AliExpress — mahsulotlarni chakana va ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi internet do‘kon bo‘lib, XXRdagi yirik savdo internet maydonchasi bo‘lmish Alibaba Group tarkibiga kiradi.
Kompaniyaning global logistika bo‘yicha direktori Riki Syue o‘tgan haftada Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida bayonot berib, AliExpress Tojikiston bilan doimiy suratda hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga qaraganda, ayni damda kompaniya Tojikiston bilan hamkorlik masalasida bir nechta taklif ustida ish olib bormoqda. AliExpress’ning global logistika direktorining xabar berishicha, kompaniya Tojikistonda o‘zining vakolatxonasi va mahsulotlar uchun ombor ochishni mo‘ljallamoqda.
AliExpress vakilining tan olib aytishicha, hozir internet do‘konning Tojikistonda mijozlari kam, biroq uning so‘zlariga qaraganda, vakolatxona ochilganidan keyin vaziyat yaxshi tomonga o‘zgaradi.
Tojikiston bozor va do‘konlari arzon Xitoy mahsulotlari bilan to‘lib ketgan. Tojik bozoriga AliExpress kompaniyasining kirib kelishi, mahalliy iqtisodchilarning so‘zlariga qaraganda, mahalliy tadbirkorlar, ayniqsa “Osmon osti mamlakati”dan mahsulot olib kelish bilan shug‘ullanuvchilar uchun noqulay syurpriz bo‘ladi.
“AliExpress xaridorlarga vositachilarsiz mahsulot yetkazib beradi, bu o‘z-o‘zidan mahsulotning narxi bozor yoki do‘kondagi bahosidan arzon bo‘ladi. Bu kabi vaziyatda xaridor albatta AliExpress internet do‘konidan xarid qilishni afzal ko‘radi”, — deydi tojikistonlik iqtisodchi Sotim Umarov.
Uning so‘zlariga qaraganda, Xitoyning internet do‘koni bozordan elektronika va mobil telefonlari bilan savdo qiluvchi kichik kompaniyalarni siqib chiqaradi.
XXRdagi yirik savdo internet maydonchasi bo‘lmish Alibaba Group tarkibiga kiradigan — mahsulotlarni chakana va ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi internet-do‘kon bo‘lgan AliExpress.com — 1999-yildan beri faoliyat yuritib keladi. Alibaba Group tarkibiga (Alibaba.com, Tmall, Taobao va bosh.) internet do‘konlari ham kirib, o‘zining Alipay to‘lov tizimiga ega. Kompaniya xizmatining afzalligi shundaki, sotuvchi mahsulot yetkazib berilganidan keyingina pulni oladi.
Izoh (0)