Yoqutistonning Neryungrinskiy tumanida 61 yoshli nafaqaxo‘r qo‘shni dala-hovlida yashagan oilaning uch nafar a’zosini otib o‘ldirib, keyinroq o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa Chulman qishlog‘idan tashqarida joylashgan “Ugolshchik” bog‘dorchilik uyushmasi hududida qo‘shnilar o‘rtasida janjal kelib chiqqanidan so‘ng yuz bergan.
Keksa erkak 38 yoshli qo‘shnisini, uning yaqinda tug‘ishi kerak bo‘lgan 39 yoshli homilador ayolini va ularning 14 yoshli qizini otib o‘ldirgan. Bundan tashqari, kasalxonaga halok bo‘lganlarning 64 yoshli qarindoshi ham o‘qdan yaralangan holda keltirilgan.
Jinoyat sodir etishi bilan nafaqaxo‘r voqea joyidan yashiringan. Ertasi kuni huquq-tartibot organlari erkakni topishgan. U Ugolniy posyolkasidagi dala-hovlilardan birida qamalib olgan bo‘lgan.
“Erkak politsiya xodimlariga qarata bir necha marta o‘q uzgan, shundan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan”, — deyiladi xabarda. Sodir bo‘lgan voqeya yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)