Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridagi xalq tilida “TRZ bozor” nomi bilan tanilgan oziq-ovqat va xo‘jalik mollari savdosiga ixtisoslashgan bozor tungi soat 2 da alanga oldi.
Telegram’dagi “Farg‘onaliklar” kanalining ma’lum qilishicha, tonggi soat 5 da ham yong‘inni o‘chirishga muvaffaq bo‘linmagan. 1000 nafarga yaqin odamning tirikchiligi, moli yonib kul bo‘lgan.
“Bu bozor sobiq traktor remonti zavodi binolarida joylashgan bo‘lib, hech bir bino maxsus bozor uchun qurilmagan. Traktor zavodining hamma uskunalari kesilib, sotilib, o‘rniga boshqa yongan kombinat bozoridan ko‘chirib kelingan. Kombinat bozori ham xuddi shunday sobiq ip yig‘iruv kombinati binosida joylashgan edi. U yerda oziq-ovqat savdosini yo‘qotamiz deb, xalq qarshiligiga uchrab, ko‘chira olishmagan edi. Tasodifmi yoki bu ataylab qilingan, ammo savdogarlar ko‘chishni rad etgach, o‘sha kombinat bozori yonib ketgan edi. Prezident kelishidan avval TRZ bozor ham ichkariroqqa yo‘l bo‘yidan ko‘chiriladi, uning o‘rniga ko‘p qavvatli uy tushadi, degan mish-mishlar bolalagandi.
Bozorlar Marg‘ilonda juda ko‘p yonadi, xususan, kombinat bozori 3 marta, SUM 2 marta yongan. Hamma yong‘inlar ko‘chish kerakligi haqidagi mish-mishlardan so‘ng yuzaga keladi”, — deyiladi kanalda qoldirilgan izohda.
Izoh (0)