Suriyadan qaytarilgan ona-bolalar sog‘lomlashtirish muassasalarida joylashtirilmoqda, deb xabar berdi Sputnik “O‘ztekstilsanoat” uyushmasi matbuot xizmatiga tayanib.
Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan 30-may kuni 156 nafar O‘zbekiston fuqarolari, asosan ayollar va bolalar maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelingan edi. Ularning 48 nafari ayollar, 106 nafari bolalar bo‘lib, aldov yo‘li bilan Yaqin Sharqdagi qurollangan mojarolar hududiga olib chiqib ketilgan.
Suriyadan qaytarilgan turli og‘ir hayotiy qiyinchiliklarni boshdan kechirgan o‘zbek fuqarolariga respublika hukumati har tomonlama yordam bermoqda. Jumladan, ularning sog‘lig‘ini qayta tiklash hamda jamiyatga qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
“O‘ztekstilsanoat” uyushmasi tomonidan qaytgan fuqarolarga yordam ko‘rsatildi. Xususan, ushbu soha korxonalari qaytganlarga sport liboslari, bolalar va kattalar liboslari, chaqaloqlar komplekti, shuningdek ro‘mol, ichki kiyim va boshqa mahsulotlar topshirilgan.
Shu bilan birga, harbiy mojarolar zonalaridan ayollar va bolalarni qaytarish ishlari davom etadi, shu munosabat bilan uyushma qaytgan barcha fuqarolarga ko‘mak ko‘rsatadi.
Qaytarilgan ayollar va bolalar hozirda sog‘lomlashtirish muassasalarida joylashtirilmoqda. Ular tibbiy yordam bilan ta’minlanadi, shuningdek, ularga ruhiy va ijtimoiy ko‘mak, ta’lim va boshqa ijtimoiy dasturlar bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.
Izoh (0)