Joriy yilda barcha OTMlarga hujjatlar davlat xizmatlari markazi hamda Yagona portal orqali qabul qilinishi, endi abituriyentlar OTMga borishi shart emasligi, o‘z tumanida ham hujjat topshira olishi haqida ko‘p bor ta’kidlangandi. Bu haqda Xushnudbek Xudoyberdiyev eslatmoqda.
Buni DTM ham, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ham, Davlat xizmatlari agentligi mutasaddilari ham bildirgan. Lekin aytishlaricha, bugungi kunga kelib vaziyat o‘zgargan. Yana ham aniqrog‘i, testga oid qaror so‘nggi lahzalarda loyihadagidan biroz farqliroq bo‘lib qabul qilingan.
Ya’ni qarorga muvofiq, faqat Davlat qabul komissiyasi tomonidan belgilanadigan davlat OTMlaridagina hujjatlar DXM yoki Yagona portal orqali qabul qilinishi nazarda tutilgan.
Hozircha tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Davlat qabul komissiya barmoq bilan sanarli OTMlarnigina ro‘yxatga kiritayotgan ekan. Bu degani sanoqli OTMlarni hisobga olmaganda, barcha joyda yana o‘tgan yillardagidek hujjatlar OTMlarning o‘zida qabul qilinadi.
Davlat xizmatlari markazi katta hajmni eplay olmaydi, degan xulosaga kelingan shekilli.
Shu o‘rinda ko‘plab savollar paydo bo‘ladi:
Agar abituriyent tanlamoqchi bo‘lgan 3 ta OTM ham maxsus ro‘yxatda bo‘lmasa, unda uchala OTMga borib hujjat topshirib chiqish kerakmi?
OTMlarda hujjat qabul qilinganda rasm, konvert, skorosshivatel papka so‘rashmaydimi?
Hujjatlarni avvalgi yillardagidek olib qolishadimi yoki qaytarib berishadimi?
Ro‘yxatda yo‘q OTMlar uchun onlayn hujjat topshirish mumkin bo‘ladimi?
Xullas, bunaqa savollar ko‘p, lekin hozircha javob yo‘q. Mas’ul tashkilotlar faqat “kutib turing, tez orada hujjat qabul qilinadi, keyin ma’lum bo‘ladi” deyishdan nariga o‘tmayapti. Qabulgacha atigi yarim oy vaqt qoldi, lekin deyarli heya narsa aniq emas.
Izoh (0)