Qozog‘istonning Semey shahrida ikkinchi sinf o‘quvchisi botqoqqa cho‘kayotgan 4 yoshli bolakayni qutqarib qoldi, deb xabar beradi Tengrinews.
8 yoshli Viktor Novoselovning qahramonligini nafaqat atrofdagilar, balki butun shahar muhokama qilmoqda. 4 yoshli bolakay xususiy uylarning biriga qarashli tomorqada joylashgan botqoqqa tushib ketgan. Bu vaqtda Viktor do‘stlari bilan shu atrofda o‘ynayotgan bo‘lgan. Voqeaga guvoh bo‘lgan bolalarning barchasi yordam chaqirishga yugurib ketgan, Viktor esa yordam yetib kelguniga qadar bolakayning qo‘lidan tortib, uning cho‘kib ketishiga yo‘l qo‘ymagan.
Yosh qahramonning ota-onasi hamda o‘zi shaharda Favqulodda holatlar boshqarmasiga chaqirilib, ularga minnatdorchilik bildirildi. Viktorga jasurligi uchun faxriy yorliq topshirildi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda yosh qahramonni taqdirlash bo‘yicha hujjatlar tayyorlanmoqda va yaqin vaqtlar ichida uni rasman “Yosh qutqaruvchi” maktabiga taklif etishadi.
Izoh (0)