Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakatning yangi saylanadigan prezidenti jamoasidan innovatsiyalar kutayotganini ma’lum qildi, deb yozadi Tengrinews.
“Davlat rahbari va xalq birga bo‘lsa, ishlab chiqiladigan dastur va g‘oyalar xalqning qo‘llovi bilan amalga oshirilsa, muvaffaqiyatga erishish mumkin. Olib borgan siyosat to‘g‘ri bo‘lgan shekilli, bizda shunday bo‘ldi. Men beshta umumxalq saylovida ishtirok etdim, hech qachon elektoratning 85 foizdan kam ovozini olgan emasman”, – dedi Nursulton Nazarboyev Ostona iqtisodiy forumidagi chiqishida.
Qozog‘istonning birinchi prezidenti so‘zlariga ko‘ra, navbatdagi transformatsiya siyosiy inqirozlar keltirib chiqarmaydi. Uning fikricha, vaziyatdan chiqib ketish uchun to‘g‘ri yo‘l tanlangan.
“Men hali ishlay olaman. Hatto meni bir ovozdan qo‘llashlariga yuz foiz ishonch bilan saylovlarda o‘z nomzodimni qo‘yishim mumkin edi. Biroq, o‘zgarishlar kerak. Yangi avlod kerak”, – degan Nursulton Nazarboyev.
Shuningdek, Elboshi yangi prezident jamoasi innovatsiya va o‘z g‘oyalarini olib kelishiga umid bildirdi.
“Ko‘ryapsizmi, men spikerlarga noqulayliklar tug‘diryapman. Ular avvaliga “birinchi prezident”, keyin “prezident” deb murojaat qilishmoqda. Vaziyat shunaqa. O‘ylashimcha, Qog‘ozistonda ikkilanish bo‘lmaydi. Faqat bitta prezident bor va u boshliq. Saylovlardan keyin, hammamiz unga ishlaymiz”, – dedi Nazarboyev.
Avvalroq, Nursultan Nazarboyev davlatning strategik yo‘nalishlari, tashqi va ichki siyosat ishlari, hamda xavfsizlik masalalari bo‘yicha faoliyatini davom ettirishini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)